Vaziyatni o‘rganish uchun borganimizda quruvchilar tomonidan kotlovan qazish ishlari boshlab yuborilgan ekan.

Aholi vakillari aynan nima uchun noroziligini bilish uchun ularga mikrofon tutdik. Ular bu janjal 5 yildan buyon davom etayotgani, quruvchilar tomonidan qurilish ishlari mudom noqonuniy amalga oshirilayotgani, bolalar maydonchasi o‘rnidan uy qurish mumkin emasligi, bu mikrorayon o‘z vaqtida barcha narsa hisobga olinib barpo etilganini aytishdi.

Qurilish ishlarini olib borayotgan «Nurli kelajak ishonch servis» MChJ vakili Baxtiyor Ahmedov va ish boshqaruvchisi Shavkat Aslamovdan ham vaziyat bo‘yicha izoh oldik.

Baxtiyor Ahmedovning ma'lum qilishicha, mazkur 10 sotixcha yer qurilish ishlarini olib borayotgan shaxslarga bir paytlar 110 kvadrat metr maydonga ega do‘konlari buzilgani evaziga tovon tariqasida berilgan. Bu shahar hokimi qarorida ham o‘z aksini topgan.

Shavkat Aslamov esa qo‘shni «dom»lardagi aholining aksariyati qurilishdan roziligi, MChJ tomonidan mahalla hududi asfaltlanib, obodonlashtirib berilishini aytib o‘tdi.

Aholi vakillari qurilish ishlari sobiq shahar hokimi Furqat Rahimov tomonidan ikki bor to‘xtatilgani, avvalgi hokimning yer ajratish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinganini ham aytib berishdi.

Biroq, qurilish ishlarini olib borayotgan «Nurli kelajak ishonch servis» korxonasi mas'uli Baxtiyor Ahmedov sud orqali 2015 yilda qurilish boshlashga rusxat berilgan shaharning avvalgi hokimi Akbar Shukurov tomonidan imzolangan qaror tiklanganini aytib o‘tdi.

Endi bu yerda qiziq holat bor. O‘sha qaror bo‘yicha dastlabki loyiha-qurilish hujjatlari bajarilgan. Loyihaga ko‘ra 62-, 64-, 66- va 68-domlarga yana bittadan pod'yezd qurishga ruxsat berilgan. Barcha hisob-kitoblar va chizmalar shu loyiha bo‘yicha qilingan.