Sport | 09:00 / 01.11.2019
28916
3 daqiqa o‘qiladi

Shomurodov kech qo‘shilgan va Xenrik Larssonning o‘g‘li qahramon bo‘lgan «Spartak» - «Rostov» o‘yinidan fotogalereya

Rossiya Kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan «Spartak» hamda «Rostov» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 2:1 hisobida moskvaliklar foydasiga hal bo‘ldi. «Rostov» shu kuni ikkinchi tarkib bilan o‘ynadi, chunki Karpin 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan «Krasnodar»ga qarshi derbiga tayyorlanishga majbur edi.

O‘yindan so‘ng Karpindan nega ikkinchi tarkibni tushirganini, «Zenit» kabi har ikki musobaqada ham asosiy tarkibda o‘ynash imkoni bor-yo‘qligi haqida so‘rashdi. Rostovliklar murabbiyi esa «Zenit»ning moliyaviy imkoniyati katta ekanini, «Rostov» esa doim asosiy tarkib bilan o‘ynay olmasligini aytdi.

O‘yinda «Spartak»ning shvetsiyalik hujumchisi Yordan Larsson ikkita gol urdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi. Darvoqe, bu shvetsiyalik mashhur hujumchi Xenrik Larssonning o‘g‘li. Karpin hisob 0:2 ko‘rinishiga kelgach, asosiy tarkibning ikki vakili Xoren Bayramyan va Eldor Shomurodovni maydonga tushirishga majbur bo‘ldi. Bu esa o‘z samarasini berdi.

Eldor Shomurodovning fenomenal harakatlaridan so‘ng yana bir zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Aleksandr Dolgov gol urdi. Bu Sashaning mavsumdagi ilk goli bo‘ldi. Goldan so‘ng Shomurodov va Bayramyan natijani o‘zgartirish uchun yana harakat qilishdi, ammo ularga vaqt yetmadi. Shu tariqa «Spartak» 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga chiqdi va TsSKA bilan yarim final yo‘llanmasi uchun o‘ynaydigan bo‘ldi.

«Spartak» bosh murabbiyi Dominiko Tedesko o‘yindan so‘ng rostovliklarni maqtab, ayniqsa hujum chizig‘ining kuchli ekanini, jamoa xuddi mashina kabi tartibli o‘yin ko‘rsatishini aytdi. Kun.uz muxbiri o‘yinni stadiondan kuzatdi va quyida «Spartak» — «Rostov» o‘yinidan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Mavzuga oid