Bugun, 2 noyabr kuni «O‘zbekkino» milliy agentligida Badiiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, unda «O‘zbekkino» tomonidan davlat buyurtmasiga asosan suratga olingan badiiy filmlarning davlat va nodavlat telekanallaridagi namoyishi masalasi muhokama qilingan.

 Yig‘ilishda jumladan, xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlarning amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish etish, agentlik va film mualliflari bilan kelishilmagan holda ayrim muhim epizodlarni kesib tashlanayotganligi keskin tanqid qilindi.

Xususan, «O‘zbekkino» milliy agentligi direktori o‘rinbosari, yig‘ilish olib boruvchisi Shuhrat Rizayevning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda shunga o‘xshash holatlar yuzasidan kinorejissyor va ijodkorlarning e'tirozlari ham ortib bormoqda.

«Davlat va nodavlat telekanallarimizda mualliflik huquqi tushunchasi shunchalik qadrsizki, ular kinoijodkorlar tomonidan oylar, yillar davomida ter to‘kib ishlangan filmlarni istaganicha, xohlagan joyidan qirqib efirga beraveradi.

Birorta filmni ko‘rmaymizki, u to‘liq efirga berilgan bo‘lsa. Yo‘q, albatta qayerigadir qaychi urishadi, qayerinidir olib tashlashadi yoki titrlarni kesishadi.

Mana shunday qisqartirishlar, kesishlar tufayli filmlarimizning g‘oyaviy va badiiy saviyasiga putur yetmoqda.

Shuningdek, davlat va nodavlat telekanallarida namoyish etilayotgan filmlarning (multfilmlar, hujjatli filmlar va rangli filmlar) ayrimlari muayyan shartnoma asosida berilgandir, ammo ko‘pchiligi sof qaroqchilik yo‘sinida foydalanilmoqda», deydi u.

Mavzu yuzasidan so‘z olgan kinorejissyor Zulfiqor Musoqov fikricha, «O‘zbekkino» tomonidan tasdiqlangan va davlatning mulki bo‘lgan filmlarning qo‘pol ravishda kesib tashlanishi – kulgili mantiqsizlikdir.

«Biror filmim yo‘qki, u kesilmagan bo‘lsa, hatto «Vatan»dan ham ko‘plab epizodlarni kesib tashlashdi.

Yaqinda ochilgan O‘zbekiston tarixi telekanalida «Berlin-Oqqo‘rg‘on» filmim namoyishini ko‘rib rosti, yig‘ladim. Bilasizmi, filmning bor mazmunini ochib beradigan kadrlar yo‘q.