Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti bölim mudiri, geografiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Xolmatjonovning tuşuntirişiça, sovuq mavsumda havo ifloslanişining kuçayişiga atmosferadagi havo aylanişi, şamol tezligi va yönalişi taʼsir qiladi.
Toşkent toğoldi hududda joylaşgani sababli şamol yönalişlari havo massalarining harakatida muhim örin tutadi. Sovuq yarim yillikda şamol tezligining pasayişiga olib keladigan sinoptik jarayonlar köproq kuzatiladi. Natijada ifloslantiruvçi moddalar atmosferada tez tarqalmay, yer yuzasiga yaqin qatlamda töplanişi mumkin.
Qiş oylarida harorat inversiyasi ham havoning tozalanişini qiyinlaştiradi. Bunda yer yuzasiga yaqin sovuq havo qatlamining ustida iliqroq havo joylaşib, havoning vertikal aralaşuvini çeklaydi. Şuningdek, antitsiklonal jarayonlar va kuçsiz şamollar ham ifloslantiruvçi moddalar tarqalişini sekinlaştirişi mumkin.
Havoni ifloslantiruvçi manbalar örganilmoqda
Atmosfera havosi ifloslanişining sabablarini aniqlaş maqsadida prezident farmoni bilan Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasi tasarrufida Ixtisoslaştirilgan atmosfera laboratoriyasi markazi taşkil etilgan.
Markaz rahbari, texnika fanlari doktori Zikrilla Alimovning taʼkidlaşiça, laboratoriyada zamonaviy uskunalar yordamida havoni ifloslantiruvçi moddalarning kelib çiqiş manbalari örganilmoqda. Hozirda Toşkent şahrining barça tumanlarida havodan maxsus filtrlar orqali namunalar olinib, tahlil qilinmoqda. Kelgusida uşbu tajribani respublika böylab keng joriy etiş rejalaştirilgan.
Yoğingarçilik kamligi va çang massalari taʼsiri
Iqlim özgarişi milliy markazi direktori, texnika fanlari böyiça falsafa doktori Farrux Sattorovning maʼlum qilişiça, tabiiy omillar va noqulay meteorologik şaroitlar ham Toşkentda havo sifati yomonlaşuviga taʼsir körsatmoqda.
Joriy yil 26-oktabrga qadar Toşkentda 3,9 millimetr yoğingarçilik kuzatilgan. Oylik meyor esa 23,7 millimetrni taşkil etadi. Yoğingarçilik kamligi havodagi çang zarraçalarining yomğir orqali yuvilib ketişini susaytiradi.
















