Payshanba kuni Ispaniya va Italiyada navbatdagi tur, Germaniya, Angliya va Fransiyada esa, kubok o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Jumadan esa navbatdagi turga ham start berildi. «PSJ» kutilmaganda «Dijon»ga yutqazib ulgurdi.

 Agar dam olish kunlaridagi bo‘sh vaqtimizni futbol bilan o‘tkazmoqchi bo‘lsak, bu safar ham bizni bir qator qiziqarli bahslar kutib turibdi. Yomon xabar shundaki, Yevropada soat surildi, endi o‘yinlarni odatdagidan bir soat kechroq ko‘rishga majburmiz.

BORUSSIYa D – VOLFSBURG (2 noyabr, 19:30)

Bundesliga turnir jadvalining yuqori qismida juda zich holat yuzaga kelgan. Masalan, 10-o‘rinda borayotgan «Ayntraxt» peshqadam jamoadan atigi 5 ochko ortda xolos. Hammamiz top jamoalar ko‘pligini aytadigan Angliyada ham hatto, birinchi va ikkinchi o‘rinlar o‘rtasidagi farq olti ochkoni tashkil qilib turibdi. Germaniyadagi bu holat kuchli jamoalarning ko‘payganidanmi yoki barqaror jamoalar yo‘qligidanmi, hozircha aytish qiyin.

Lekin mana shunday taloto‘pda ham hali biror marta mag‘lubiyatga uchramagan jamoa borligi ham qiziq – «Volfsburg». «Bo‘rilar» ko‘p durang o‘ynashdi, ammo himoya chizig‘i bo‘yicha ham ligada yetakchilik qilishmoqda. 9 o‘yindan atigi 5 marta o‘z darvozasidan gol o‘tkazgan «Volfsburg»ni endi Dortmund klubi sinovdan o‘tkazadi. O‘zaro o‘yinlar borasida «Borussiya» «Volfsburg» uchun eng noqulay raqib – so‘nggi 8 o‘yinning 7tasida «asalarilar» g‘alaba qozongan, bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Shuningdek, oxirgi besh o‘yinda hatto «Volfsburg» birorta ham gol ura olmagan. Lekin jamoalarning bugungi holati, turnir jadvalida qo‘shni ekanliklari uchrashuvni yanada ahamiyatliroq, qiziqroq qilsa kerak.

Jarohatlar borasida, nihoyat «Borussiya» ancha o‘ziga kelib oldi. Shmelserdan boshqa barcha futbolchilar kurashga tayyor, lekin uch kundan keyin «Inter»ga qarshi juda muhim o‘yin kutib turganini e'tiborga olsak, Favr aqlining bir chekkasida o‘sha o‘yin haqida ham o‘ylashi va ma'lum rotatsiyalar qilishga harakat qilishi ham turgan gap. Mehmonlarda esa, shundoq ham muammolar yetarli – birato‘la tarkibning yetti futbolchisi safdan tashqarida. Bular ichida Mehmedi, Ginchek kabi yetakchilar ham bor. Darvozabon Kun Kastels esa, yana mashg‘ulotlarni boshladi va balki safga qaytishi ham mumkin.  

ROMA – NAPOLI (2 noyabr, 19:00)

Italiyada bu safar ajoyib tur bo‘ladi. Turin derbisidan tashqari, top-6 deyish mumkin bo‘lgan yana to‘rt jamoa o‘zaro kuch sinashadilar. «Roma» ham, «Napoli» ham, hozircha chempionlik uchun da'vogar hisoblanishmasa-da, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilar deb atash mumkin.