Respublika ichidagi to‘lovlar arxitekturasiga elektron pullar joriy etilmoqda.
Norma’ning yozishicha, bu elektron pullar emitentining elektron tizimda elektron shaklda saqlanadigan va to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadigan so‘zsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlaridir.
Elektron pullar faqat milliy valuta - so‘mda nominallashtirilgan bo‘lishi kerak. Markaziy bank va banklar (emitentlar) ularni ularning nominal qiymatiga teng bo‘lgan pul mablag‘lari summasiga almashtirishga chiqaradi. Jismoniy va yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va elektron pullar tizimi agentlari elektron pullarning egalari bo‘lishi mumkin. Jismoniy shaxslar elektron pullarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emitentdan yoki elektron pullar tizimining operatori yoxud agenti orqali oladilar.
Tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan va elektron pullar tizimining ishlashini ta'minlaydigan bank yoki boshqa tashkilot elektron pullar tizimining operatori bo‘lishi mumkin. Operator elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq tizimning faoliyat ko‘rsatish qoidalarini belgilaydi. Emitent va operator elektron pullarga ruxsatsiz ega bo‘lish va (yoki) ulardan ruxsatsiz foydalanganlik, shuningdek emitentning dasturiy ta'minoti ishidagi yoxud tizimning faoliyat ko‘rsatishidagi xatolar yoki uzilishlar oqibatida elektron pullar egasiga yetkazilgan zarar uchun uning egasi oldida javobgar bo‘ladi.
Emitent elektron pullar egasidan elektron pullarni chiqarganlik va ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlar uchun ular o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida vositachilik haqi undirishga haqli. Shartnoma tuzilguniga qadar elektron pullarning potensial egasiga ulardan foydalanish shartlari, vositachilik haqi miqdori va uni undirish tartibi, emitent va operator ma'lumotlari (nomi, joylashgan yeri, operator bank hisoblanmagan hollarda - litsenziya raqami) va e'tirozlarni berish usullari to‘g‘risida axborot taqdim etishlari shart.
O‘zbekistonda realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lashda faqat shu yerda chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi mumkin. Tizim emitenti va (yoki) operatori elektron pullar egasini: shaxsan hozirligida va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda yoxud masofaviy identifikatsiya qilish tizimlaridan foydalangan holda identifikatsiya qilishni amalga oshiradi. Identifikatsiya qilinmagan jismoniy shaxslar bitta elektron qurilmada eng ko‘pi bilan 5 BHMni (e'lon qilish sanasida – 1 115,0 ming so‘m) saqlashlari va 1 BHM (223,0 ming so‘m) summasi miqdorida operatsiyani amalga oshirishlari mumkin. Identifikatsiya qilingan jismoniy shaxslarga elektron pullar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarga 100 BHM (22 300,0 ming so‘m) miqdorida limit belgilangan.

















