Jamiyat | 11:09 / 06.11.2019
12593
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida odam o‘lishiga sababchi bo‘lgan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Tergov departamenti

Joriy yilning 2 noyabr kuni soat taxminan 23:45larda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida mast holdagi haydovchi M.A. tomonidan tegishli hujjatlarsiz boshqarilgan «VAZ 2106» rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotganligi natijasida avtomashina Ravnaq ko‘chasidagi ko‘prik yonida yo‘lning o‘ng chekkasidagi beton to‘siqqa urilib, 6 nafar yo‘lovchisi bilan ag‘darilgan.

Buning oqibatida bir nafar yo‘lovchi vafot etgan, haydovchi va qolgan yo‘lovchilar esa turli ko‘rinishda tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilganlar. Hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘shtepa tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda yo‘l-transport hodisasini kelib chiqish sabablarini aniqlash yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, dastlabki tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid