8 noyabr kuni Kun.uz saytida «Auksionda sotilgan ferma mashmashasi. Tadbirkor hozir nega qamoqda?» sarlavhali material e'lon qilingan edi. Unda shu yil iyun oyida elektron onlayn auksion orqali mulk sotib olgan tadbirkor Shavkatbek Yusupov bilan bog‘liq mojaroning kelib chiqishi batafsil bayon qilingandi.

«Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» davlat unitar korxonasi jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘layotgan maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.

«Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda elektron onlayn-auksionlarda sotib olingan mol-mulklar bilan bog‘liq bahsli jarayonlar, g‘olib bilan bog‘liq muammolarning yuzaga kelayotgani qayd etilmoqda. Bu esa «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida o‘tkazilayotgan shaffof hamda ochiq auksionlarga nisbatan aholi o‘rtasida salbiy qarashlar va shubhali fikrlarning yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lib qolmoqda.

Joriy yilning 8 noyabr kuni Kun.uz internet nashrida «Auksionda sotilgan ferma mashmashasi. Tadbirkor hozir nega qamoqda?» deya nomlangan maqola e'lon qilindi. Holat yuzasidan sud, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar harakatlariga baho berishdan yiroq bo‘lgan holda, auksion jarayoni va natijasi haqida munosabat bildirishni o‘rinli deb topdik.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlar «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3149-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qat'iy amal qilgan holda o‘tkaziladi.

MIB Oltinko‘l tuman bo‘limi qarori bilan 200 million so‘m boshlang‘ich narx belgilangan «Arg’umon oltinko’l» fermer xo‘jaligiga tegishli bino-inshootlar elektron savdo maydonchasiga sotish uchun joylashtirilgan. Ochiqlikni ta'minlash maqsadida ushbu lot xabarnomasi 15 kun davomida barcha fuqarolar uchun ariza berish imkoniyati yaratilgan holda e-auksion.uz saytiga qo‘yilgan.

2019 yil 3 iyun kuni narxi oshib borish tartibida o‘tkazilgan auksion savdosida 3 nafar ishtirokchi qatnashgan. Murosasiz o‘tgan auksionda lot boshlang‘ich narxi qariyb 11 qadamga oshirilib, natijada 326 million so‘mga sotib olishni taklif qilgan «Yuksak Brok Invest» MChJ auksion g‘olibi deb topilgan va g‘olibga bayonnoma rasmiylashtirib berilgan.