O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga imtiyozlarga aloqador qo‘shimcha kiritilishi rejalashtirilyapti.

Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi. Unga ko‘ra, Soliq kodeksiga qator o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Xususan, 158-modda (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i. Imtiyozlar) quyidagi mazmundagi 7-band bilan to‘ldiriladi:

“7) 2020 yil 1 yanvardan boshlab, to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalari korxonalarining foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish bo‘yicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi”.

168-modda (Jismoniy shaxslarga - O‘zbekiston Respublikasining norezidentlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) quyidagi mazmundagi 2-qism bilan to‘ldiriladi:

“2020 yil 1 yanvardan boshlab, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalarining xorijiy konsultantlari, shuningdek, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalari korxonalarida mehnat faoliyatini yuritayotgan xorijiy mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasidagi daromad manbalari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida to‘laydi”.

269-modda (Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq. Imtiyozlar) 2-qismi quyidagi mazmundagi 6-band bilan to‘ldiriladi:

“6) 2020 yil 1 yanvardan boshlab, hisobot davri natijalari bo‘yicha yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023 yil 1 yanvarga qadar mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi”.