O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish hamda aholini dori vositalari bilan ta'minlash borasidagi ishlar tahlili va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatdan o‘tkazish muddati qisqartirildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar xomashyo va texnologik uskunalarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan ozod etildi. 

Bularning natijasida so‘nggi ikki yilda 41 ta yangi farmatsevtika korxonasi tashkil etilib, jami korxonalar soni 191 taga yetdi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobarga o‘sdi.

Farmatsevtikaga ixtisoslashgan 8ta erkin iqtisodiy zonada qiymati 84 million dollarlik 18ta yangi quvvat ishga tushirilib, 600 turdagi dorilar va 50dan ortiq tibbiy buyumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Lekin bu quvvatlar hali yetarli emas, mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining assortimenti ham tor. Shu bois ichki bozor ehtiyojlari to‘liq qondirilmayapti va import qilishga to‘g‘ri kelyapti. 

Mamlakatimiz farmatsevtika bozori 1 milliard dollar atrofida bo‘lib, unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasi yuqori emas. Dori vositalari harakatining to‘liq siklini kuzatish – markirovka tizimi joriy etilmagani oqibatida ularning sifati va narxini nazorat qilish qiyin kechmoqda. Masalan, o‘tgan ikki yilda yurtimizga sifat standartiga javob bermaydigan 123 milliard so‘mlik dori-darmonlarni olib kirish holatlari aniqlangan.

Bunday sharoitda aholi salomatligini muhofaza qilishning eng ishonchli va samarali yo‘li – diyorimizda yetishtirilgan tabiiy toza, dorivor o‘simliklar asosida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratib, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon hamda sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikalari bilan ta'minlash borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.