So‘nggi ikki yil ichida biz poytaxtda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni kuzatmoqdamiz. Toshkent bu hajmdagi qurilish ishlarini ko‘pdan beri ko‘rmagan. Bu haqda bozor ishtirokchilarining fikri qanday? Axir ko‘chmas mulk sohasida sotish va xaridlar masalasi ko‘pchilikni qiziqtirishi aniq. 

Ko‘chmas mulkka ixtisoslashgan Uybor.uz sayti binokorlar va rieltorlar o‘rtasida Toshkent ko‘chmas mulk bozori holati yuzasidan kichik so‘rovnoma o‘tkazdi.

2019 yilda yangi qurilgan uylarga talab qanday bo‘ldi?

Burxon Ishankulov  (Dream House developerlik kompaniyasi direktori): 2018 yilga nisbatan olsak, 2019 yilda quruvchilar va yangi uylar soni ortdi. Xaridorlar talabi barqaror saqlanib turibdi.

Aleksandr Jigastov (Grand Capital Group developerlik kompaniyasi sotuv bo‘limi boshlig‘i): Hech shubhasiz, joriy yilning birinchi kvartali ancha dinamik kechdi, qo‘ng‘iroqlar ko‘p bo‘ldi – demak buning ortidan idoramizga xaridordar tashrifi ham ko‘paydi. Ikkinchi va uchinchi kvartallarda susayish kuzatildi. Ammo to‘rtinchi kvartalga kelib talab sezilarli darajada oshdi.

Murod Nazarov (Murad Buildings developerlik kompaniyasi sohibi va raxbari): 2019 yilda talab ham, taklif ham oshdi. Sohada raqobat kuchaydi, ya'ni takliflar yetarli. Buning ijobiy tomoni shuki, qurilishlar, quruvchilar ko‘paydi, raqobat esa soha vakillarini kuchaytiradi, ularga nisbatan talabni oshiradi. Salbiy tomoni, qurilish qilish osonlashdi, bu biznesga sohaga oid tajribasi bo‘lmagan insonlar ham kirib kelayotgani to‘g‘risidagi shubhalar tug‘ildi. Ayniqsa ayrim kompaniyalarning nafaqat tarixi, balki moliyaviy imkoniyatlari ham yo‘qligi ajaablanarli, bu ancha xavotirlarga sabab bo‘ladi.