O‘zbekiston | 08:29 / 23.11.2019
3203
2 daqiqa o‘qiladi

Ahadbek Haydarov: 1 million 160 mingdan ortiq bolalar maktabgacha ta'lim muassasalari bilan qamrab olindi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2019 yil 21 noyabr Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarov O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil to‘qqiz oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi.

Moliya vazirining o‘rinbosari xarajatlarning eng katta qismi – ta'lim sohasini saqlash, uni rivojlantirish xarajatlariga yo‘naltirilganligini aytdi va 2019 yilning 9 oyida maktabgacha ta'lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumot berdi:

“Respublikamizda maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarning 43 foizi yoki 1 million 160 mingdan ortiq bolalar maktabgacha ta'lim muassasalari bilan qamrab olindi.

Qamrovning 85 foizi davlat maktabgacha ta'lim muassasalari, 15 foizi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat budjetidan davlat xususiy sherikchiligi asosida o‘z faoliyatini boshlagan 500 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari hamda 4363 ta moliyaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalariga joriy yilning 9 oyida budjetdan 111 mlrd. so‘m miqdorida subsidiya va kompensatsiyalar to‘lab berildi. 

Bundan tashqari, 447 ta maktabgacha ta'lim muassasalarida qurilish-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun jami 1,6 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar rejalashtirilgan bo‘lib, qo‘shimcha daromadlar hisobidan yana 61 ta maktabgacha ta'lim muassasalari uchun 133 mlrd. so‘m jami respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 1,8 trln. so‘m ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu mablag‘larning 1,4 trln. so‘mi yoki 80 foizi o‘zlashtirildi. 

Hozirgacha jami 52 ming 350 o‘rinli 392 ta maktabgacha ta'lim muassasalari foydalanishga topshirildi va qolgan 116 tasi yil oxiriga qadar foydalanishga topshirish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi”, - deya Ahadbek Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid