«Surxon» Termizda Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasini qabul qildi va kichik hisobda g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona gol 63-daqiqada Darko Stanoyevich tomonidan urildi. U uzoq masofadan jarima zarbasini ijro etib, to‘pni darvozaga joylashtirib qo‘ydi.
Bu natijadan keyin «Surxon» ochkolari sonini 35taga yetkazdi va turnir jadvalida 5-o‘rinda bormoqda. «So‘g‘diyona» esa 38 ochko bilan 4-o‘rinni egallagan.
Amaldagi chempion «Lokomotiv» «Andijon» mehmoni bo‘ldi va yirik hisobdagi g‘alabaga erishdi. «Temiryo‘lchilar» safida Jamshid Iskandarov (40), Oston O‘runov (68) va Sardor Mirzayev (70) bittadan gol urishdi, yana bir gol mezbonlar himoyachisi Ildar Mamatkazin (88) nomiga avtogol sifatida yozildi.
Bu natijadan keyin «Lokomotiv» ochkolari sonini 45taga yetkazdi va ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. «Andijon» esa 24 ochko to‘plab 11-pog‘onani band qilib turibdi.
24-tur doirasidagi so‘nggi o‘yinda Vadim Abramov boshchiligidagi «Bunyodkor» jamoasi «Navbahor»ni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi.
Hisobni 9-daqiqada Nurillo To‘xtasinov ochgan bo‘lsa, 34-daqiqada Azizbek Turg‘unboyev jarima zarbasini aniq ijro etish orqali muvozanatni tikladi.
O‘yinning kulminatsion voqeasi 67-daqiqada kuzatildi. Igor Golban o‘z jarima maydonida raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatdi deya, hisoblagan bosh hakam penalti belgiladi. Xurshid G‘iyosov bundan unumli foydalandi – 2:1.
Ushbu g‘alabadan keyin ochkolari sonini 39taga yetkazgan «Bunyodkor» turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarildi. «Navbahor» esa (31 ochko) 8-o‘ringa tushdi.
Superliga. 24-tur. 24 noyabr (yakshanba)
«Surxon» – «Co‘g‘diyona» - 1:0
Gol: Darko Stanoyevich 62.
«Surxon» Asilbek Amonov, Abduqahhor Xojiakbarov, Rahmatullo Berdimurodov, Shavkat Salomov, Abdulaziz Yuspov (Shoxnazar Norbekov, 71), Abror Ismoilov, Vladimir Bubanya, Husniddin G‘ofurov, A'zam Aliyev, Darko Stanoyevich, Asror G‘ofurov.
















