O‘zbekiston | 10:35 / 25.11.2019
27807
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tegishli hujjatlari bo‘lmagan ayrim OTM abituriyentlardan hujjat qabul qilayotgani ma'lum bo‘ldi

Foto: RIA Novosti / Sergey Pyatakov

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan tashkilotlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda ayrim qo‘shtirnoq ichidagi o‘zini “nodavlat oliy ta'lim tashkiloti” yoki “xorijiy oliy ta'lim tashkilotlarining filiali” deb tanitib, xalq orasida turli xil ijtimoiy tarmoqlarda va OAVda, reklama roliklarida o‘zining yolg‘onlari, g‘araz maqsadlari yo‘lida yoshlarni chalg‘itish, aldash holatlari uchramoqda. 

Yangi o‘quv yili boshlanganiga 3 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, 2019/2020 o‘quv yili uchun o‘qishga kirishga abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni davom etayotganligi va ushbu xizmat uchun pul undirilayotganligi, kontrakt shartnomalari tuzilayotganligi to‘g‘risida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga abituriyentlar, ularning ota-onalari va yaqinlari tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani aytiladi.

Fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining ayrim oliy ta'lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi hududida oliy ta'lim berishga ruxsat beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmay turib, abituriyentlardan hujjat qabul qilmoqda. 

Jumladan: 

  • Tomsk davlat boshqaruv tizimlari va radioelektronika universiteti
  • Moliya, iqtisod va zaxiradagi ofitserlar huquqi instituti
  • “Tadbirkorlik oliy maktabi” xususiy oliy ta'lim muassasasi
  • “Sharqiy-Yevropa instituti” xususiy oliy ta'lim muassasasi
  • “Sibir biznes va axborot texnologiyalari instituti” nodavlat oliy ta'lim muassasasi va boshqalar.

Qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, nodavlat ta'lim tashkiloti sifatida Ta'lim inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tmagan nodavlat ta'lim tashkilotlari tomonidan berilgan ta'lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar yuridik huquqqa ega emas. 

Ta'lim inspeksiyasi fuqarolarni haqqoniy va shaffof ma'lumot bilan ta'minlash hamda ularning faoliyat bilan shug‘ullanish vakolatiga ega bo‘lgan ta'lim tashkilotlaridagi ta'lim sifati bo‘yicha ma'lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekistonda akkreditatsiyalangan va diplomi tan olinadigan oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatini e'lon qilib bormoqda. Quyidagi manzil (tdi.deepx.uz) orqali tanishishingiz mumkin.

Mazkur masala yuzasidan Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi telegram bot orqali murojaat qilish mumkin: @Uztdibot.

 

Mavzuga oid