«Texnonikol» kompaniyasi asoschisi Igor Ribakov – nafaqat milliarder (u 1,3 mlrd dollar boyligi bilan Rossiya Forbes`ida 78-o‘rinda turadi), balki faol bloger hamdir. O‘zining YouTube`dagi kanalida biznes yangiliklarini yoritadi va tadbirkorlar muvaffaqiyatining sirlarini ochib beradi.

Yaqinda Ribakov «Milliarderning o‘ylari» nomli yangi rukn ochib, undagi ilk chiqishida boylik katta mas'uliyat va odatda baxsizlik ekani haqida so‘zlab berdi.

«Sekret firmy» portali biznesmendan iqtiboslarni keltirib o‘tdi.

Nima uchun odamlar badavlat va qashshoqqa bo‘lingan?

«Ayrimlar o‘ziga o‘zgacha bo‘lishga ruxsat beradi. Boshqalar esa avvalgi holicha qolaveradi, natijada o‘ziga to‘q sharoitda yashamaydi».

Badavlat bo‘lish nega yomon?

«Aslida badavlat bo‘lish sizga nima uchun kerak? Badavlat kishilar ko‘pincha baxsiz bo‘lishadi. Men badavlat bo‘lishni umuman tavsiya qilmayman. Mablag‘ jihatidan boy bo‘lish – bir yoqlama safsata. Pul tomondan badavlat bo‘lgan kishilar ko‘pincha qopqonga tushib qolishadi, shuning uchun ular o‘sishdan to‘xtaydilar».

«Moliyaviy jihatdan kambag‘al insonlarning juda ko‘pchiligi qalban badavlat odamlardir. Ular o‘ziga to‘q kishilarga qaraganda o‘zlarini ancha yaxshi his etishadi. Baxt noteng taqsimlangan, u ko‘proq boy bo‘lmagan kishilarga beriladi. Juda boy odamlar orasida baxtli oilalalar juda kam va badavlat bo‘lmaganlar orasida baxtlilar juda ko‘p».

Muvaffaqiyatga qanday erishish mumkin?

«Moliyaviy jihatdan badavlat kishilar boylikni atribut, artefaktlarda deb bilishadi: yaxtalar, orollar, maishatlar. Men bunday qilmayman. Hayot ekanman, u qadar boy bo‘lmagan kishidek yashashda davom etaman. Umuman olganda, men o‘zimni badavlat deb his qilmayman».

«Qo‘shning bu yaxshi yigit deb aytgan odamdan emas, o‘zing bilgan, ko‘rgan, kuzatgan shaxsiyatlardan saboq olish har doim yaxshi. O‘z-o‘zini ayblash, ichki shubhalar, o‘kinch, alam, xavotir, g‘azab, kelishmovchilik darajasini hisobga olish zarur. O‘zingni qancha ko‘p yeb bitirsang, muvaffaqiyatli bo‘lish imkoniyatini ham shuncha pasaytirasan».