Joriy yilning 1 noyabridan boshlab har bir viloyatdagi mavjud Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari yo‘lga qo‘yildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrda qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan qonuniylashtirildi.

Yangi tartib borasida fuqarolarda tug‘ilayotgan turli savollarga javob topish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi bosh mutaxassisi O‘lmasbek Kamolov bilan suhbatlashdik.

Kurslarning vazifasi nima?

- tutingan ota-onalarni yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash, parvarish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, uning ijtimoiylashuvi, ta'limi va har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq ota-onalik salohiyatini shakllantirish;

- tutingan ota-onalarning bolani oilaga qabul qilishga tayyorlik darajasini aniqlash, bolani oilaga qabul qilish shaklini tanlashga yordam berish, ularning bolalar psixologiyasi va pedagogikasi sohasidagi bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Kimlar tinglovchi bo‘la oladi?

Yuqoridagi qaror mazkur yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ijtimoiy yetimlikni kamaytirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Kurslar yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyiga qabul qilayotgan shaxslar (tutingan ota-onalar) uchun mo‘ljallangan. Ota-onalar Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza uch ish kunida ko‘rib chiqiladi va tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi.

Tayyorlov kurslarining faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi va davlat tarbiya muassasasi – Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari rahbariyati tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Kurslar oila va bolalarga xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar, jismoniy shaxslar tomonidan ham tashkil etilishi mumkin. Tayyorlov kurslarining faoliyati vasiylik va homiylik organlari tomonidan nazorat qilinadi.