O‘zbekiston Energetika vazirligi elektr toki uzilishi sabablari va uning nima uchun elektr yetkazib beruvchilar tomonidan o‘chirib qo‘yilishi haqida ma'lumot berdi.

Ma'lumotda O‘zbekiston Energetika vazirligi tasarrufida faoliyat yuritayotgan elektr energiyasi tizimiga elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiyalar («Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va «O‘zbekgidroenergiya» AJ), elektr energiyasini uzatish uchun yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ), elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari («Hududiy elektr tarmoqlari» AJ) va elektr energiyasi iste'molchilari kirishi qayd etilgan.

Mazkur tizimning boshqa ishlab chiqarish soha va yo‘nalishlardan farqi shundaki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste'mol qilish bir paytning o‘zida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yagona texnologik jarayon hisoblanadi. Har lahzada tizim qismlari o‘rtasida muvozanat o‘rnatish nihoyatda muhim vazifa sanaladi.

Ya'ni elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste'mol qilish o‘rtasida energiya balansi muntazam ravishda ta'minlanishi lozim. Muvozanat saqlash tizimning ishonchli faoliyatining kafolati hisoblanadi. Shunga ko‘ra, tizim dispetcheridan juda qisqa vaqtda keskin chora ko‘rish talab etiladi.

Ma'lumotda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortishi kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste'mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta'minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolayotgani, katta avariyalarning va butun mamlakatda hamma iste'molchilarning elektrsiz qolishining oldini olish uchun elektr energiyasi ta'minotida uzilishilar qilishga to‘g‘ri kelishi ta'kidlangan.

«Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta'minlamasa, tizimdagi zo‘riqish turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiyasi bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lum qilinishicha, elektr energiya ta'minoti tizimidagi nomutanosiblik hamda elektr energiyasi talab ortishi sababli sodir bo‘ladigan avariyalarning tipik sabablari quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • ishlab chiqaruvchi quvvatining pasayishi yoki energiya tizimida iste'molning ko‘payishi, ya'ni iste'molchi yuklamasining ortishi tufayli elektr toki chastotasining keskin pasayishi. Chastotaning pasayishi natijasida avariya holatida ishlayotgan jihoz va uskunalar nosoz holga keladi;