2019 yil 10 oktyabrda «Kvars» AJ kompaniyasi SPO (amaldagi aksiyadorlarga tegishli bo‘lgan aksiyalarning ommaviy taklifi) boshlanganligi to‘g‘risida e'lon qildi. Shu kuni aksiyalarni sotib olish bo‘yicha investorlarning arizalarini qabul qilish boshlandi.

SPO tashabbuskori «Kvars» AJ ning asosiy aksiyadori – davlat nomidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bo‘ldi. Joylashtirish tashkilotchilaridan biri (anderrayter) investitsiya vositachisi – Portfolio Investmens MChJ bo‘ldi. Istalgan shaxs brokerlik kompaniyasi bilan shartnoma tuzishi va yuqori daromadli shisha ishlab chiqaruvchisining egasi bo‘lishi mumkin.

«Kvars» AJ faoliyatining barqarorligi shundaki, korxona O‘zbekistonda yagona shisha list va silliqlangan shisha ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Zavod foydasini va aksiyadorlarning daromadlarining oshishi istiqbollarini shisha narxining ko‘tarilishida ko‘rish mumkin. Agar narxlar 2019 yilning birinchi yarmida pasaygan bo‘lsa, ikkinchi yarmida ular ko‘tarildi va o‘tgan yili o‘zining cho‘qqisiga yaqinlashdi. Tahlilchilar bunday tendensiyani yaqin kelajakda davom etadi, deb hisoblashmoqda.

Shisha listlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi liniyaning qurilishi ham ushbu korxona istiqbollarining ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi. Yiliga 20 million m² dan ortiq quvvatga ega liniya yordamida «Kvars» o‘z ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Loyihani moliyalashtirishga 28,7 million dollar miqdoridagi o‘z mablag‘laridan tashqari, «Asaka» bank orqali JP Morgan Chase Bank xoldingining 36 million yevro (41,5 million dollar) miqdoridagi mablag‘lari jalb qilingan.

Bu omillarning barchasi «Kvars» AJ kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozoridagi kuchli pozitsiyasidan dalolat beradi va xalqaro moliyaviy sektorning ko‘p yillik faxriylari tomonidan moliyalashtirilishi xalqaro investitsion hamjamiyat tomonidan bildirilgan ishonch darajasini ta'kidlaydi. Bundan tashqari, 2018 yilda aksiyalar bo‘yicha dividend daromadi 27% dan ko‘proqni tashkil etdi, IPOʼdan keyin esa kotirovkalarning o‘sishi joylashtirishning o‘rtacha narxiga nisbatan 170% dan ko‘proqni tashkil etdi. 2019 yil avgust oyida «Kvars» AJ aksiyalari «Toshkent» Respublika fond birjasidagi eng jozibali qimmatli qog‘ozlar qatoriga kirdi.

SPO doirasida «Kvars» AJ aksiyalarini sotib olish bo‘yicha investorlarning arizalarini qabul qilish 2019 yil 24 dekabrgacha davom etadi.