Yevropada midweek. Ba'zi chempionatlarda mamlakat kubogi bahslari o‘tkazilmoqda, Angliya va Fransiyada esa navbatdagi tur o‘yinlari aynan shu kunlarga belgilangan. Bu uchrashuvlar ichida e'tiborli, top-o‘yinlar ham borki, masalan, «Manchester Yunayted» bu turda «Tottenhem»ni qabul qiladi. Bu o‘yin o‘tkazib yubormaslik kerak bo‘lgan to‘qnashuvlar safiga kiradi.

Murabbiylar

Joze Mourino «Old Trafford»ga o‘zining beshinchi jamoasi bilan mehmon bo‘lmoqda. Avvaliga, «Portu»ning zafarli yurishi va Jozening dunyo tomonidan tan olinishi aynan shu yerdan boshlangandi. So‘nggi daqiqalardagi gol «Old Trafford» ustidan muzdek suv quygan, murabbiy esa, tizzasi bilan yerga o‘tirib, g‘alabani nishonlagandi. Keyin, «Chelsi» aynan Mourino boshchiligida «MYu»ga raqobat qildi. 2009 yilda «Inter», 2013 yilda «Real» Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida Manchesterga kelganida, birinchisida mezbonlar ustun kelgan bo‘lishsa, Madrid jamoasi kerakli hisobga erishib, chorak finalga chiqqandi. «Tottenhem» – Joze Mourinoning yangi jamoasi, londonliklar ushbu murabbiy bilan o‘tkazilgan uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan bo‘lsalar-da, haqiqiy sinov bugun boshlanadi.

Joze Mourino «Tottenhem»ga tayinlangandan keyin ham go‘yoki «MYu» haqida ko‘proq gapirayotgandek yoki jurnalistlar bu mavzuni ko‘proq so‘rashmoqda. Bu tabiiy, chunki jamoaga kelgan pozitiv Mourinodan sarlavhabop fikrlar chiqishi qiyin. Joze esa tayinlovdan so‘ng Manchesterdan ellikdan ortiq tabriklar qabul qilgani, manchesterlik muxlislar, o‘tgan yili saratonga chalinib, tuzalgan «MYu» futbolchisi Maks Taylor va yana turli mavzular orqali sobiq jamoasi haqida fikr bildirdi. Ammo bugungi o‘yin oldidan barchasi jiddiy.

«Mening «Old Trafford» bilan munosabatim yaxshi, Sky Spors eksperti sifatida tashrif buyurganimda juda iliq kutib olishdi. O‘ylaymanki, bu safar ham shunday bo‘ladi, lekin o‘yin paytida, albatta, mening va ularning istaklari teskari bo‘lishini tushunishsa kerak. Ular «MYu» g‘alaba qozonishini istashadi, men esa «MYu»ni yutishga harakat qilaman. Hozir barcha boshqa masala keyingi planga o‘tgan – muhimi, biz nimaning hisobiga yuta olamiz-u, «Manchester Yunayted» nimaning hisobiga bizni yengishi mumkin? Shu haqida bosh qotiryapman», – dedi Joze matbuot anjumanida.

Ole Gunnar Sulsherning Manchesterdagi holati esa, o‘tgan yilning shu paytidagi Jozeniki bilan o‘xshash. Portugaliyalik hamkasbidan farqli ravishda Sulsher hali jamoani yo‘qotmadi, futbolchilar bilan aloqalar yomon emas. Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinlardagi yomon natijalar, g‘alaba qozonish shart bo‘lgan uchrashuvlardagi ochko yo‘qotishlar jamoani qiyin ahvolga solib qo‘ydi. To‘rt kun ichida ketma-ket «Tottenhem» va «Manchester Siti» bilan o‘ynaydigan «MYu» bu to‘qnashuvlarda ochko olishi shart.