Yaqinlashib qolgan saylovlar oldidan partiya rahbarlari va jamoatchilik ishtirokidagi muloqotlar shu kunlarda avj pallasiga kirdi.

Bu kabi uchrashuvlarda aytilayotgan ayrim fikrlar jamoatchilik tomonidan birda norozilik, birda shunchaki kulgi bilan kutib olinayotgani rost. Bu haqda juda ko‘p yozilyapti. Ammo, shu holatda ham partiyalar va ularning rahbarlari jamoatchilik uchun ilk bor «ochilayotgani», muloqotga kirishayotganini faqat ijobiy holat sifatida baholash mumkin.

Bir muddat avval siyosiy partiya rahbarlaridan O‘zbekiston yaqin yillarda hal qilishi kerak bo‘lgan uchta muhim masala va ularning yechimi borasida fikrlari so‘ralgandi, bu safar liderlarga O‘zbekiston yaqin yillarda to‘qnashishi mumkin bo‘lgan eng dolzarb masalalar borasidagi savol bilan yuzlandik.

Narimon Umarov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi:

«Fikrimcha, O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda ishsizlik, korrupsiya, infratuzilma zaifligi, investitsiyalar yetishmovchiligi, norasmiy (xufyona) iqtisodiyot ulushi yuqoriligi, ta'lim sifati pastligi, shuningdek, oliy ma'lumotli kadrlar yetishmasligi kabi muammolar bilan to‘qnashishi mumkin».

Narimon Umarov savolga javob berish asnosida shuningdek, O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda amalga oshirishi kerak bo‘lgan muhim masalalarga ham e'tibor qaratdi. Uning ayishicha, dunyo bozoriga raqobatdosh mahsulot olib kirish, va buning uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish dastlabki muhim masalalardan hisoblanadi.

Keyingi masalalar:

- Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shunga mos ravishda infratuzilmalarni ham talab darajasida rivojlantirish (yo‘llar, elektr tarmog‘i, kommunikatsiya, AKT va boshqalar);

- Demografik o‘sishni hisobga olgan holda 10 yil ichida aholi kichik va o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun katta imtiyozlar berish;

- Keyingi o‘n yillikda qishloq hududlaridagi aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash masalasi.

Bu borada qishloq joylarda (namunaviy uy-joy qurish imkoni yo‘q joylarda infratuzilmaga bog‘liq) fuqarolarga uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratib berish muhim hisoblanadi. Sababi, qishloq va ovullarda aholi soni oshib bormoqda va hozirgi kunda uy-joy qurish uchun yer maydonlari faqat auksionda sotilmoqda, kam ta'minlangan oilalar birdaniga yer sotib olishi qiyin.