Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari uchun o‘tkaziladigan saylovlar yaqinlashmoqda. Saylovlarda 20 milliondan ziyod saylovchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Saylovchilarning 2 milliondan ko‘prog‘ini ilk bor ovoz beruvchi yoshlar tashkil etadi.
«Yuksalish» umummilliy harakati ushbu saylovlarda fuqarolarni faol ishtirok etishga chorlash maqsadida «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» milliy aksiyasini o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Ushbu g‘oya O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, «O‘zbekkino» milliy agentligi, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi, mahalliy hokimliklar, Xalqaro matbuot markazi, siyosiy partiyalar va boshqa qator jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
14 dekabr kuni soat 14:00dan boshlab bir vaqtning o‘zida respublika bo‘ylab markaziy maydon va xiyobonlarda ommaviy tadbirlarga start beriladi. Unda saylovga tayyorgarlik jarayonlari hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida foydali ma'lumotlar taqdim etiladi, shuningdek, san'atkorlar, hurmatga sazovor insonlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, musiqiy dasturlar va turli viktorinalar o‘tkaziladi. Saylovlar haqida barcha ma'lumotlar sodda va tushunarli tilda aholiga yetkaziladi.
Bu yilgi saylovlar yangi Saylov kodeksiga muvofiq yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Bu esa Harakatlar strategiyasida aks ettirilgan progressiv demokratik g‘oyalarning yana bir yorqin ifodasi bo‘lmoqda. Ko‘p partiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar xilma-xilligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari jamiyat hayotida tobora keng joriy etilmoqda.
O‘zbekistondagi saylov jarayonlari nafaqat mamlakat hududida, balki xalqaro maydonda ham katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. MSK ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar siyosiy partiyalarning 50 mingga yaqin va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining 10 mingdan ortiq kuzatuvchilari, nomzodlarning 80 mingga yaqin ishonchli vakillari, shuningdek mahalliy nashrlarning 777 nafar vakili ro‘yxatga olingan.
YeXHT DIIHB, YeXHT PA, ShHT va MDH kabi xalqaro tashkilotlarning missiyalari saylovlarni bevosita kuzatib boradi. Bundan tashqari, 54ta xorijiy davlatdan 350 nafar kuzatuvchi














