Tramp uchun saylovdagi asosiy raqib, shubhasiz, Jo Bayden. Obama vaqtida vitse-prezident bo‘lgan Bayden Trampni «taxtdan ag‘darishi»ga shubha qilmayapti. Ko‘pchilik Bayden va Tramp «dueli» asosiy bahs bo‘lishiga tayyorlanayotgan bir vaqtda katta sahnaga oz emas, ko‘p emas, dunyoning to‘qqizinchi raqamli eng badavlat kishisi chiqib keldi. Ha, mashhur mediamagnat Maykl Blumberg dunyodagi eng zo‘r poyga — AQSh prezidentlik poygasiga qo‘shildi.

«Trampni yengish va Amerikani tiriltirish uchun». Blumberg prezidentlik poygasida qatnashishini e'lon qildi

Blumberg so‘zini ko‘p eshitgansiz. Bu nomda sayt, telekanal, radio va yana ko‘plab nashrlar faoliyat yuritadi. «Blumberg» agentligi asoschisi Maykl uni o‘z nomi bilan atagan. Boshlanishiga birja olamidagilar uchun ma'lumotlar sotishni boshlagan korxona keyinchalik mediamakondagi barcha yo‘nalishlarga kirib bordi. Xo‘sh, o‘zidan ham korxonasi mashhur bo‘lgan Maykl Blumberg aslida kim?

Saylovlarga kech qo‘shilgani sabab Blumberg praymerizning dastlabki qismini o‘tkazib yuboradi. Ayni damda demokratlarning atigi 1 foizi saylovda Blumbergni qo‘llashga tayyorligini bildirgan. Hali o‘z partiyasi orasida qo‘llab-quvvatlanmayotgan milliarder nimaning evaziga Trampni «o‘yindan chiqarishga» umid qilmoqda?

Siyosatga qiziqqan har bir odam prezident bo‘lishni orzu qilsa kerak. Siz-u bizning oramizda ham qo‘lini konstitutsiyaga qo‘yib xalqi oldida prezidentlik qasamyodini qabul qilishni orzu qiladiganlar ko‘pligiga shubha yo‘q. Endi o‘ylab ko‘ring, sizning pulingiz juda ko‘p va yaratgan bergan umrning 78 yilini yashagansiz. Asosiy orzuingiz esa amalga oshmagan. Buning uchun bor pulingizni ham sarflarmidingiz? Chinakam siyosat kishisi bunday imkon tug‘ilsa, pulning yuziga qaramaydi.

Saylov vaqtida 78 yoshda bo‘ladigan Maykl Blumbergning boyligi 55,5 milliard dollarni tashkil qiladi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, u dunyoning eng boy to‘qqizinchi odamidir. Blumberg saylov kampaniyasiga rekord miqdorda pul ishlatishini ma'lum qildi. O‘zining nomzodini qo‘yishi haqidagi piarning o‘ziga 37 million dollar sarflagan Blumberg keyingi targ‘ibotlar uchun qancha sarflashini taxmin qilavering. Bir so‘z bilan aytganda, Blumberg butun dunyosini prezidentlikka almashib yuboradigan yoshda.

Blumberg siyosatga ham «osmondan tushib qolgani yo‘q». U 11 yil Nyu-York meri bo‘lgan. AQShning eng katta shahrida buncha muddat hokim bo‘lish juda ko‘p narsani anglatadi. Masalan, bugun Turkiyada fenomenal obro‘ga ega bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bosh vazirlikka kelishdan avval «Turkiyaning Nyu-Yorki» hisoblanmish Istanbulda mer bo‘lib ishlagan. Blumberg Nyu-York merligidagi faoliyatini samarali deb hisoblashi, bu lavozimda ishlab, boshqaruvchilik qobiliyati sinovdan o‘tgani haqida aytmoqda.