Shu yilning iyul oyida Farg‘ona viloyati Rishton tumani markazidagi qayta qurish ishlari oqibatida aholi vakillarining huquqlari poymol etilayotgani haqida Kun.uz saytida turkum maqolalar va reportajlar e'lon qilingan edi.

Avvaliga muammolar aholi vakillarining uylari ogohlantirishsiz, ularga hech qanday sharoit yaratilmay buzilib, kompensatsiya pullari berilmayotgani bilan bog‘liq edi.  

So‘ng Rishtondagi qurilish ishlariga barcha tumanlardan, viloyatdagi barcha tashkilot vakillari «hashar» niqobi ostida majburiy mehnatga jalb etilayotgani yoritilib,  ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

«Hashar» vaqtida mudhish voqea sodir bo‘lgan, 29 iyul kuni Qo‘shtepa tuman Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari Rishtondagi «ommaviy hashar»dan qaytayotganda yo‘l-transport hodisasiga uchrashgan va ikki nafar xodim tan jarohati olib, bir nafari olamdan o‘tgandi.

Oradan ikki oy o‘tib marhum U.Ahmadjonovning oila a'zolari tahririyatga yana murojaat qilishdi. Ma'lum bo‘lishicha, boquvchisini yo‘qotgan oilaga shu kungacha tovon puli to‘lanmagan. Qo‘shtepa tumanida bo‘lib, marhumning oila a'zolari bilan suhbatlashdik.

Marhumning oilasida

«28 iyul kuni ertalab erim ikkita avtobusda ayol va erkaklarni olib Rishtonga hasharga olib ketayotganini aytgandi. Kichik farzandimizning tobi yo‘qligi uchun kasalxonada edik. Shundan so‘ng ertasiga turmush o‘rtog‘imning jasadini olib kelishdi. Ishdan, ya'ni hashardan qaytayotgan bo‘lgani aniq-ku? Axir bu «ish paytida bo‘lmagan», deganlarni ham tekshiradiganlar bordir? Ikki go‘dak yetim qoldi. Ishga ketib, vafot etgan xodimni «o‘z yumushlari bilan yurgan payti halokatga uchradi», deyish yaxshi emas», deydi marhumning bevasi Muqaddasxon.