Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti faoliyatini tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
a) “Global education school” nodavlat ta'lim muassasasi hamda “YUKET LLC” mas'uliyati cheklangan jamiyati (Koreya Respublikasi) hamkorligida tashkil etilgan “Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2018 yil 27 martdagi 241-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziya asosida 2018 yilning sentabr oyidan boshlagan;
b) Muassislar tomonidan Institutning asosiy vazifalari etib:
mehnat bozorining ehtiyojlarini inobatga olgan holda, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, turizm va biznes sohalarida hamda talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha oliy malakali kadrlar tayyorlash;
kadrlar tayyorlashda arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, turizm va biznes sohalari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan tashkilotlarda talabalar amaliyotini muntazam tashkil etish;
o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda xorijiy tajribani, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, o‘quv jarayoniga malakali xorijiy, xorijda tahsil olgan va malaka oshirgan mahalliy mutaxassislarni jalb etish;
ilmiy izlanishlarga ehtiyojni inobatga olgan holda arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, turizm va biznes sohalarida hamda talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsion va ilmiy- tadqiqot faoliyatini olib borish;
arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, turizm va biznes sohalarida ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, integratsiyani kuchaytirib borish belgilangan.
Belgilanishicha:
Institut mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanadi;
















