O‘zbekiston | 11:22 / 19.12.2019
23765
2 daqiqa o‘qiladi

Svetlana Ortiqova: «Lobbizmga qarshi kurashish qo‘limizdan keladi»

Bosh prokuratura lobbizmning oldini olish, qonun hujjatlari kimlarningdir manfaatlariga xizmat qilishiga yo‘l qo‘ymasligi ta'kidlandi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekiston qonunchiligida lobbizm alomatlari mavjudligini qayd etdi va bunda korrupsiyaning alomatlari sezilayotgani haqida gapirdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va unga bo‘ysunuvchi prokuraturalar qonun ustuvorligini ta'minlash va qonun ijrosi ustidan qat'iy prokuror nazoratini o‘rnatish tarafdori. Chindan ham qonunchiligimizda lobbizm bor. Bunda korrupsiyaning qanaqadir alomatlarining hidi kelyapti va keyinchalik qadam-baqadam ularni surishtiruv qilsangiz, tergov qilsangiz, tekshiruv qilsangiz, albatta, korrupsionerlar ham aniqlanadi va ular qora kursiga o‘tiradi.

Nimaning tarafdoriman shaxsan men? Fuqaro sifatida, ayol sifatida, prokuror sifatida, hech kim korrupsioner bo‘lmasin, hech kim jinoyat sodir qilmasin, huquqbuzarlik sodir qilmasin. Negaki, huquqbuzarlik tamg‘asi, jinoyatchilik tamg‘asi odamning hayotiga, nafaqat o‘zining hayotiga, balki farzandlarining hayotiga, nevaralarining hayotiga ta'sir qiladi. Lekin inson omili bor. Shunga qarshi siz va biz kurashishimiz kerak.

Afsuski, korrupsiyadan, qonunchilikdagi lobbizmdan butunlay voz kechamiz desak, adashgan bo‘lamiz. Bu – utopiya, bu afsona. Lekin lobbizmning inson huquq va manfaatlariga salbiy ta'sirini kamaytirish qo‘limizdan keladi. Shuning tarafdoriman», deydi Svetlana Ortiqova.

Avvalroq Xalqaro press-klubning ochiq muloqotida siyosiy partiyalar vakillari ba'zi qonunlar alohida shaxslar uchun xizmat qilayotganini aytishgan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov keyingi chaqiriqdagi parlament lobbichilik faoliyati to‘g‘risida qonun qabul qilishi mumkinligini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid

E`lonlar