2025 yilning 12 dekabr kuni «O‘zbekneftgaz» Amerikaning Ballard Partners kompaniyasi bilan «AQSh hukumati oldida strategik konsalting va manfaatlarni himoya qilish (advocacy / lobbying) xizmatlarini amalga oshirish» bo‘yicha shartnoma imzolagan. Bunga Telegram’dagi «Revizor» kanali e’tibor qaratdi.

Shartnoma 5 yillik muddatga tuzilgan. Kelishuv shartlariga muvofiq xizmat haqi oyiga 83 ming 334 dollar etib belgilangan. To‘lov har chorak yakunida (250 ming dollar) amalga oshiriladi.

Ballard Partners haqida

Ballard Partners 1998 yilda AQShda ro‘yxatdan o‘tgan lobbi kompaniya, ya’ni hukumat va siyosiy qarorlar darajasida mijozlar manfaatini himoya qilish, strategik maslahat va aloqalarni boshqarish xizmatlarini ko‘rsatadi. Bosh qarorgohi Floridada joylashgan. Shuningdek, Vashington Los Anjyeles, Boston, Istanbul, Tel-Aviv va boshqa shaharlarda idoralari bor.

Ballard Partners quyidagilarni bajaradi:

  • Mijoz manfaatlarini AQSh hukumat organlarida himoya qilish;
  • Strategik maslahatlar berish va siyosiy qarorlar bilan bog‘liq yo‘l xaritalarini tuzish;
  • Hukumat siyosati, qonunchilik jarayoni yoki rejalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish aloqalarini boshqarish;
  • Ayrim holatlarda chet el hukumatlari yoki bizneslar uchun FARA doirasida («Xorijiy agentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun) lobbi xizmatlarini ko‘rsatish.

Tramp bilan yaqinlik

Ballard Partners AQSh ommaviy axborot vositalari va tahliliy manbalarda Trampga yaqin ekanligi tez-tez tilga olinadi. Xususan, kompaniya Tramp birinchi marta prezidentlikka kelishidan avvalgi saylov oldi kompaniyasida sezilarli darajada katta mablag‘ to‘plashda qatnashgan. 2017 yilda Vashingtonda ofis ham ochadi. Bu kompaniya faoliyatining strategik jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishi sifatida baholangan. Bir necha sobiq Ballard Partners xodimi keyinchalik Tramp ma’muriyatida yuqori lavozimlarga ham tayinlanadi.