O‘zbekiston | 10:33 / 22.12.2019
35029
2 daqiqa o‘qiladi

Saylovning dastlabki natijasi qachon e'lon qilinishi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston vakillik organlariga bo‘lib o‘tayotgan saylovning dastlabki natijalari bugun, 22 dekabr kuni soni 23:00da e'lon qilinadi

Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«Hozirga qadar [soat 10:00gacha bo‘lgan vaqtda] saylov qonunchiligining buzilishiga oid ma'lumotlar kelib tushmadi, qo‘pol qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilmadi», – deya qayd etdi MSK raisi.

Abdusalomovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 60ta saylov uchastkasiga 120ta videokamera o‘rnatilgan bo‘lib, saylov jarayoni onlayn translatsiya qilinmoqda.

Saylovlar O‘zbekistondagi 10260 ta hamda xorijdagi 55 ta saylov uchastkasida davom etmoqda. Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Tailand va Hindiston kabi mamlakatlardagi saylov uchastkalarida birinchilardan bo‘lib ovoz berish jarayoni boshlangan.

Sinov tariqasida O‘zbekistondagi 20ta saylov uchastkasiga biometrik pasport asosida shaxsni identifikatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur tajriba ish bersa, kelgusi saylovlarda barcha saylov uchastkalari ana shunday qurilmalar o‘rnatiladi.

Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovning ma'lum qilishicha, avtomatlashtirilgan elektron tizim asosida 20 mln 495 ming 457 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 18 mln 797 ming nafari (91,7 foiz) O‘zbekistonda, 1 mln 697 ming nafari (8,3 foiz) xorijdagi saylov uchastkalariga to‘g‘ri keladi.

Jarayonni O‘zbekistonda yoritish uchun 70dan ortiq xorijiy OAVning 131 nafar vakili hamda 800ga yaqin mahalliy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tgan.

Mavzuga oid