Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini ta'minlash chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, quyidagilar:

Davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablar;

Davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholash va o‘qitish tartibi to‘g‘risida nizom;

Davlat tashkilotlarining huquqiy savodxonligi minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholashdan o‘tkaziladigan xodimlari lavozimlarining ro‘yxati tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal talablarga muvofiqligini ta'minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilanadi.

Vazirlik va idoralar o‘zlarining faoliyat sohalaridan kelib chiqqan holda boshqaruv xodimlari bilishi majburiy bo‘lgan sohaviy-huquqiy talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Belgilanishicha, 2020 yil iyul oyidan boshlab:

davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablarga muvofiqligi belgilangan tartibda huquqiy savodxonlikni baholashning avtomatlashtirilgan tizimi orqali baholab boriladi;

baholash natijalarini tahlil qilish orqali Adliya vazirligi tomonidan davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasiga qo‘yiladigan talablar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy yuridik ma'lumotli xodimlari, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari, harbiy xizmatchilar, shuningdek Davlat tashkilotlarining huquqiy savodxonligi minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholashdan o‘tkaziladigan xodimlari lavozimlari ro‘yxatida ko‘rsatilmagan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholash va o‘qitish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy tavsiyalar va boshqa materiallarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.