«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, kelishuvlarga Oʻzbekistonning 200 nafardan ortiq vakilini birlashtirgan delegatsiyaning Misrga xizmat safari davomida erishilgan.

Tashrifda Misrning choʻl hududlarini qishloq xoʻjaligi uchun oʻzlashtirish, markaziy pivot - aylanma sugʻorish tizimi qoʻllanadigan maydonlarda ekinlar va chorva uchun ozuqa yetishtirish tajribasi oʻrganilgan. Yangi oʻzlashtirilgan yerlarda chorvachilikni rivojlantirish va sohani moliyalashtirish mexanizmlariga ham eʼtibor qaratilgan.

Delegatsiya aʼzolari suv resurslarini tejamkor boshqarish, zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini qoʻllash hamda ishlatilgan suvni tozalab, qayta foydalanish amaliyoti bilan tanishgan.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning taklifiga binoan Misr Suv xoʻjaligi va irrigatsiya vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishib olingan.

Safar davomida Misr Qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot markazi - ARC bilan ham hamkorlik masalalari koʻrib chiqilgan. Xususan, markaz bilan hosildor bugʻdoy, makkajoʻxori va choʻl iqlimiga mos guruch navlarini Oʻzbekiston sharoitida sinovdan oʻtkazish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.

Tomonlar Navoiy viloyatida tajriba maydonlarini tashkil etish, kelgusida esa mazkur ilmiy-tadqiqot markazining Oʻzbekistondagi filialini ochish imkoniyatlarini muhokama qilgan.