Bu kunda futbol o‘ynash Angliyada odat tusiga kirgan, har yilning so‘nggi haftasiga APL bir emas, bir nechta tur o‘yinlarini sig‘dirib, muxlislarga o‘ziga xos bayram sovg‘a qiladi.

BOXING EMAS, BOX
Boxing Day tushunchasi futbol olamida ba'zan biroz noto‘g‘ri tushuniladi. Yilning so‘nggi o‘n kunligida Angliyada bir necha tur o‘tkazilishini e'tiborga olib, ko‘pchilikda, bu termin haqida biroz noto‘g‘ri fikr shakllangan. 

Aslida bu terminning ildizi Boxing, ya'ni «boks» emas, «The Box» ya'ni «quti» ma'nosini anglatadi. Tarixda Christmas (25 dekabr) bayramining ertasida zodagonlar o‘z xizmatkorlariga dam olish imkonini berishgan va ularga qutida sovg‘a ulashilgan. Bu kunning alohida bayramga aylanishi aynan o‘sha odatga asoslanadi, keyinchalik, bu kunda inglizlar bir-birlariga qutilarda sovg‘a berishga odatlanishdi. 

Bir necha sport turlarida, xususan futbolda ham 26 dekabrda futbol o‘yinlarini o‘tkazish urfga kirdi va har yili bu sanada haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat'i nazar tur o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuning uchun ham, ko‘pincha chempionatning 18-19 turlariga to‘g‘ri keladigan bu kunga alohida e'tibor beriladigan bo‘ldi va alohida hisob-kitoblar yuritilishi muxlislar uchun qiziqdir. 

Albatta, birato‘la o‘sha so‘nggi o‘n kunlikni e'tiborga olib, «Boksing Dey»ni umumiy qilib, 3-4 tur deb tushunilishi u qadar zarar emas. Filologiyada ham butunni qism bilan ifodalash qoidalari bor, masalan. Tahlilchilar, jurnalistlar ketma-ket o‘tkaziladigan mana shu turlarni umumiy ma'noda mana shu atama bilan nomlashlari tushunish uchun ham, bu kunlarning o‘ziga xosligi nuqtayi nazaridan ham u qadar noto‘g‘ri tuyulmaydi.   

FUTBOL BILAN TeNGDOSh BOXING DAY
Yana bir qiziq tarafi - futboldagi Boxing Day tushunchasi, qaysidir ma'noda futbol o‘yini bilan ham tengdoshdir. 1860 yilning aynan 26 dekabrida futbol tarixida ilk futbol uchrashuvi sifatida qayd etish mumkin bo‘lgan o‘yin bo‘lib o‘tgandi. 

1855 yilda «Sheffild» kriket jamoasi a'zolari futbol to‘garagini tashkil qilishadi, biroz o‘tib esa, futbol tarixidagi ilk futbol klubi – FK «Sheffild»ga asos solinadi. Avvaliga jamoa a'zolari faqat o‘zaro o‘ynab yurishadi. Doim qandaydir asosda futbolchilar ikkiga bo‘linar, goh bo‘ydoqlarga qarshi uylanganlar, goh malla sochlilarga qarshi qora sochlilar kuch sinashishardi.

1860 yilning sentyabrida Sheffild yaqinida yana bir futbol klubi «Hallam» tashkil etiladi. Jamoalar Christmas bayramining ertasiga o‘zaro o‘yin o‘tkazishni kelishadi. Shu tariqa, futbol tarixidagi eng ko‘hna derbi – Rules derbisi tashkil topadi. Uchrashuvda tajribaliroq «Sheffild» futbolchilari 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi.