O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyni borib ko‘rdi.
O‘zbek romanchiligining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini ulug‘lash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i oldida ijod maktabi va muzey barpo etildi. Boqqa kiraverishda buyuk yozuvchi haykali o‘rnatildi.
Davlat rahbari mazkur haykalning ochilish marosimida ishtirok etib, uning poyiga gul qo‘ydi.


Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi farmoyishi bilan tashkil etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan.
Joriy o‘quv yilida maktabning 5, 6, 7 va 8-sinflariga ijodiy imtihonlar va test sinovlari asosida 121 nafar o‘quvchi saralab olindi. “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi Zilola Shomurodova ham ijod maktabiga qabul qilindi.
Bu yerda o‘g‘il-qizlarning ta'lim-tarbiya olishi uchun hamma sharoit yaratilgan. Xonalar keng, yorug‘, shinam va qulay. Fan kabinetlari zamonaviy texnologiyalar va o‘quv anjomlari bilan ta'minlangan. Kutubxona adabiy asarlar, badiiy adabiyotlarga boy. Ochiq va yopiq sport zallarida bolalar sport to‘garaklariga qatnashishi, salomatligini mustahkamlashi uchun qulayliklar mavjud.


Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

– Abdulla Qodiriy ijod maktabida o‘qiyotgan bu bolalar yangi O‘zbekistonning kelajagi bunyodkorlaridir. Barcha umumta'lim maktablari ushbu o‘quv dargohidan ma'naviyatni, ma'rifatni o‘rganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat ma'naviyatli, balki o‘z vatanini yurakdan sevuvchi iste'dod egalari. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz, – dedi Prezident.
























