“Elektron hukumat” tizimining axborot tizimlari va axborot resurslarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Hujjat 2020 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi.
 
Norma’ning yozishicha, nizom “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish va elektron hamkorlik qilishda foydalaniladigan axborot tizimlari va axborot resurslarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
 
Ma'lumot uchun:

elektron hukumat - davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta'minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi;

idoralararo elektron hamkorlik qilish - davlat organlari o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ma'lumotlar almashish (“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi).
 
Axborot tizimi o‘zini axborotni to‘plash, saqlash, izlash, uni qayta ishlash hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari sifatida namoyon qiladi. Axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, ma'lumotlar banki, ma'lumotlar bazasi axborot resursi hisoblanadi.
 
“Elektron hukumat” tizimi axborot tizimlari va resurslarining Yagona reyestri axborot tizimlari va axborot resurslari ro‘yxati hamda ular haqidagi axborotni o‘z ichiga oladi. Internetda ochiq va umumiy foydalanilishi uchun joylashtiriladi. LBMA qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK Yagona reyestrdan foydalanishni va uning faoliyatini nazorat qiladi, shu jumladan ma'lumotlar bazalarida joylashgan axborotni qayta ishlaydi.
 
Davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatlarini ko‘rsatish va elektron hamkorlik qilishda foydalaniladigan axborot tizimlari va axborot resurslari Yagona reyestrda majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Buning uchun davlat organi va tashkiloti Yagona reyestrdagi shaxsiy kabinet orqali axborot tizimlari va resurslari ishga tushirilgan vaqtdan boshlab 10 ish kunidan kechiktirmasdan talabnoma yuborishi kerak. Shaxsiy kabinet ochish uchun Operatorga yozma ravishda so‘rov yuborish lozim, u 2 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi, shundan keyin ariza beruvchiga unga kirish uchun yozma ravishda login va parol beriladi.