O‘zbekiston | 09:21 / 28.12.2019
11561
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdagi tizimli muammolar ma'lum qilindi

Foto: Fotolia

Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish va kadastr tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi. Prezidentning bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olishni takomillashtirish, davlat kadastrlarini yuritish, geofazoviy axborotni shakllantirish bo‘yicha bir qator tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Aholi va tadbirkorlar uchun ro‘yxatga olishning huquqiy bazasi yaratildi va tartib-taomillari soddalashtirildi.

Shu bilan birga, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat kadastrlarini yuritish tizimini o‘rganish natijalari bir qator kamchiliklarni aniqlab berdiki, ular mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, prognozlash va biznesni rivojlantirish uchun to‘g‘ri boshqaruv qarorlarini qabul qilishga to‘sqinlik qiladi.

Bundan tashqari, mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan yetarlicha foydalanmaslik, shuningdek quyidagi ko‘rsatilgan tizimli muammolarning mavjudligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat kadastrlarini tizimli yuritish, ko‘chmas mulkning kadastr bahosini shakllantirish tizimini yanada takomillashtirishga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:

birinchi – ko‘chmas mulk obektlarini ro‘yxatga olish yuzasidan olib borilayotgan islohotlarning amaliyotga yetarlicha joriy etilmaganligi oqibatida “Biznes yuritish” yillik hisobotining tegishli indikatorlari bo‘yicha mamlakat reytingi past o‘rinlarda qolmoqda;

ikkinchi – yaratilgan axborot tizimlariga qaramay, vakolatli vazirliklar va idoralar tomonidan har bir davlat kadastri bo‘yicha geoaxborot ma'lumotlar bazalari shakllantirilmagan;

uchinchi – ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha davlat kadastr hisobga olish va ularga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olish bilan to‘liq qamrab olinmagan;

to‘rtinchi – ko‘chmas mulkni davlat kadastr hisobiga olish va unga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi ma'muriy boshqaruv tizimi murakkab tuzilmaga ega;

beshinchi – tarmoqda davlat-xususiy sheriklik elementlari joriy etilmagan;

oltinchi – tarmoqni moliyaviy rivojlantirish, davlat kadastr ma'lumotlari monetizatsiyasining maqsadli parametrlari yo‘q, bu kadastr va geofazoviy axborot tizimini modernizatsiya qilish va doimiy qo‘llab-quvvatlashga to‘sqinlik qiladi;

yettinchi – ma'lumotlarni saqlash va shakllantirish usullarining eskirganligi, ularning ortiqcha yopiqligi geofazoviy ma'lumotlar tarmog‘ini rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi;

sakkizinchi – xaritalarni raqamlash to‘liq shakllantirilmagan, kadastr arxivlari hali-hanuz qog‘oz tashuvchilarda qolib ketmoqda;

to‘qqizinchi – manzilli reyestrning mavjud emasligi davlat xizmatlarini, shu jumladan, interaktiv tarzda taqdim etishga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.

Ushbu holatlar hamda to‘planib qolgan tizimli muammolar ko‘chmas mulk obektlarining davlat kadastr hisobi va ularga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olish, davlat kadastrlarini yuritish, geofazoviy axborotni yaratish va foydalanish sohasidagi faoliyatning tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan isloh qilishni taqozo etadi.

Bundan oldin, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi qoshida Kadastr va geofazoviy axborot agentligi tashkil etilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid