Jamiyat | 15:06 / 28.12.2019
9480
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xitoylik turistning telefonini o‘g‘irlagan 10-sinf o‘quvchisi ushlandi

Illyustrativ foto

Samarqandda xitoylik er-xotin sayyohlarga yordam berish bahonasida qimmatbaho mobil telefonini o‘g‘irlagan maktab o‘quvchisi ushlandi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB matbuot xizmati xabar qilmoqda.

XXR fuqarosi Yao Yuan Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasiga murojaat qilib bildirishicha, Samarqand shahri Registon ansambli yaqinidagi «Labig‘or» restoranining orqa tomonida turmush o‘rtog‘i Gao Jinga tegishli bo‘lgan «Volvo» rusumli avtomashinada o‘tirgan vaqtida signalizatsiya ishlab ketgan. Shu vaqt ikki noma'lum shaxs uning yoniga kelib, yordam ko‘rsatishni taklif qilgan.

Ulardan biri avtomashina old yo‘lovchi eshigini ochib, signalizatsiyani o‘chirishga yordam bermoqchi bo‘lib, o‘rindiqda bo‘lgan bahosi 800 AQSh dollarlik «IPhone X» rusumli telefon apparatini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligini ma'lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB XTTB tezkor bo‘lim xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan shaxs 2003 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridagi maktablardan birining 10-sinf o‘quvchisi Sh.M. ekanligi aniqlanib, undan «IPhone X» rusumli telefon apparati tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Jabrlanuvchi Yao Yuanga gumonlanuvchi tariqasida jalb qilingan Sh.M. va yana 3 nafar bir biriga o‘xshash shaxs tanib olish uchun ko‘rsatilganda, jabrlanuvchi Sh.M.ni tanigan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi, «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid