27 dekabr kuni Qozog‘istonning Bek Air aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti Olmaota shahri aeroportidan havoga ko‘tarilish vaqtida halokatga uchradi. Samolyot bortida 93 yo‘lovchi va ekipajning 5 a'zosi bo‘lgan. Samolyot havoga ko‘tarilish vaqtida balandlikni yo‘qotib, beton to‘siqni buzib o‘tgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, 35 kishi tan jarohati olgan. Aviahalokat sababli Qozog‘istonda 28 dekabr milliy motam kuni deb e'lon qilingan.. «Meduza» halokatdan omon qolgan yo‘lovchilarning voqea to‘g‘risidagi hikoyalarini jamladi.

«Samolyot ikki marta ko‘tarildi va balandlikni yo‘qotdi. Keyin qo‘rqinchli tovush eshitildi»

Ismini aytmagan yo‘lovchi

Men ko‘p parvoz qilaman. Samolyot soat 07:05da havoga ko‘tarilishi kerak edi. Ammo kechikdi. Bizga xavfsizlik qoidalarini tushuntirishayotganida men mudrayotgandim. Kech qolaman deb tuni bilan uxlamagandim. Samolyot havoga ko‘tarilayotganida uyg‘onib ketdim. Samolyot ikki marta ko‘tarildi va balandlikni yo‘qotdi.

So‘ngra qo‘rqinchli tovush eshitildi — dvigateldanmi, boshqa joydanmi. Samolyot og‘ib ucha boshladi. Hammasi xuddi kinolardagidek edi: chinqiriqlar, dod-voylar, odamlarning yig‘isi. Bularning barchasini tasvirlay olmayman, judayam qo‘rqinchli. Keyin esa zarba, gumburlash va ro‘paramda qandaydir temir oldimni to‘sib qo‘ydi.

Kimdir «Chiqinglar!» deb baqirdi. Men gapirish qobiliyatimni yo‘qotgandim. Men samolyot qanotida o‘tirgandim. Samolyot yerda ekanligini, portlashi mumkinligini aytib qichqirishdi. Xuddi tush ko‘rayotgandek edim.

«Old qismda odamlarni tom qisib qoldi»

Aslan Nazaraliyev

Hammamiz samolyotga o‘tirdik, u ko‘tarila boshladi. Keyin tebranish boshlandi: avvaliga chap qanot, so‘ngra o‘ng qanot. Samolyot silkina boshladi, lekin yuqoriga ko‘tarilishda davom etdi. Keyin esa pastga sho‘ng‘iy boshladi va yerga yoki binoga urildi. Shu paytda old qismda, 14-qatorgacha bo‘lgan odamlarni tom qisib qoldi.