Viktoriya shtatidagi Mallakutta shahri aholisining aytishicha (bu shaharchada 4 ming kishi yashaydi), ularning uylari tomon yonayotgan ko‘mirlar uchib kelmoqda. Odamlar vahimaga tushib, pristanlarga chopishmoqda va olovli osmon ostidagi qayiqlarga chiqishmoqda.

Yong‘inlar tufayli Sidney va Melburn orasidagi bir necha mashhur kurortlar yopilgan. Viktoriya va Yangi Janubiy Uels shtatlarida o‘nlab yong‘in o‘choqlari mavjudligi hisoblab chiqilgan. Bu taxminan 500 kilometr uzunlikdagi maydon deganidir.

Yong‘in seshanba kuni Yangi Janubiy Uelsdagi Korbargo shahrini ham qamrab ola boshladi. Xabar qilishlaricha, bu shaharda ikki kishi halok bo‘lgan va besh kishi bedarak yo‘qolgan.

Viktoriya shtati bosh vaziri Deniel Endryus yong‘indan aziyat chekkan hududlarga harbiy kemalar orqali oziq-ovqat va suv yetkazilishini ma'lum qilgan.

Endryusning so‘zlariga ko‘ra, hududdagi asosiy shosse yopilgan, ayrim hududlarga faqat dengiz orqali borish mumkin bo‘lib qolgan. Hukumat odamlarni yong‘in hududlaridan mustaqil chiqishga urinmaslikka chaqirib, buning oqibatlaridan ogohlantirmoqda.

Yuqori harorat va quruq shamol tufayli yong‘in juda tez tarqalmoqda.

Yangi Janubiy Uelsdagi Bermagui va Beytmans-Bey kurort shaharlari aholisi ham yong‘indan saqlanish uchun dengiz tomon chopmoqda.

Beytmans-Bey aholisi olovdan qochib sohilga joylashgan / ALASTAIR PRIOR

Mahalliy aholi vakillaridan biri Bi-bi-siga xabar qilishicha, yong‘in yaqinlashib, plyajni kul to‘ldira boshlaganida ular o‘zlarini ko‘mirga belangan his qilishmoqda.

«Bu juda qo‘rqinchli. Osmon olovrang, hammayoqda kul uchib yuribdi», - deydi Beytmans-Beyda yashovchi Zoye Simmons.

Mallakuta shahridagi ayrim kishilar ertalabki soat 8da sirena ovozini eshitgach, o‘z uylariga qamalib olishmoqda. «Hozir kunduzgi vaqt, lekin hammayoq tun kabi qora, bizga olovning ovozi eshitiladi. Biz barchamiz hayotimiz uchun qo‘rqamiz», deydi mahalliy tadbirkor Devid Jyeffri.

«U yerda toshdan qurilgan to‘g‘on bor, olov hujum qilaversa, biz o‘sha yerga borib dengizga sakramoqchimiz», deya davom etadi u.