Adliya vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining maoshlarini ochiqlashdan maqsad – xalqaro miqyosdagi konferensiya minbaridan turib xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik kadrlarni o‘z yurtimizga chorlash va ular uchun davlat rahbariyati tomonidan yetarli sharoitlar yaratilganini ta'kidlashdan iborat edi.

Adliya vazirligi ushbu ma'lumotni yanada oydinlashtirish uchun quyidagilarni ma'lum qildi.

«Birinchidan, Adliya vazirligida boshqarma boshliqlari haqiqatan ham 2019 yil davomida olgan barcha mablag‘larining umumiy summasi 12 ga bo‘linganda 15-16 million so‘m atrofidagi summa kelib chiqadi.

Bunda olingan mablag‘ tarkibi quyidagilardan tashkil topgan:

  • yagona tarif setkasi bo‘yicha maosh;
  • maoshga ustamalar – martaba darajasi uchun ustama, ko‘p yil ishlagani uchun ustama, shaxsiy ustama, davlat xizmatchisi sifatida belgilangan ustama;
  • Bayramlar (Yangi yil, Xotin qizlar kuni (faqat ayollarga), Navro‘z, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Ro‘za hayit, Qurbon hayit) va har yarim yillik yakuni uchun mukofotlar;
  • bir yilda bir marta ikki oylik ish haqi fondi miqdoridagi moddiy yordam;
  • yillik mehnat ta'tili uchun to‘lanadigan mablag‘;
  • ovqatlanish va yo‘l haqi uchun kompensatsiya.

Ikkinchidan, Adliya vazirligida bu kabi oylik ish haqi belgilanishining asosiy sababi tizimga eng malakali xodimlarni jalb qilish hisoblanadi. Xususiy sektorda yaxshi malakali huquqshunoslar bir oyda 15-30 mln so‘mgacha mablag‘ topishadi. Boshqa tashkilotlar ham malakali huquqshunosga katta mablag‘ ajratishga tayyor.

2017 yil va 2018 yilning 1-choragida oylik ish haqi kamligi tufayli vazirlik tizimidan jami 1280 nafar xodim boshqa tashkilotlar, jumladan xususiy sektorga ishga o‘tib ketgan. Xodimlarning ommaviy ravishda boshqa tashkilotlarga o‘tib ketishi tizimda vakansiyalar soni bo‘yicha achinarli raqamlarni keltirib chiqardi.