2019 yilning dekabr oyida Kun.uz saytida «Afrosiyob qurilish invest» MChJga qarashli qayroqtosh maydalash sexida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlagan va ish vaqtida tosh maydalash uskunasiga kirib ketib, butun umrga falaj bo‘lib qolgan samarqandlik Alimardon Tursunovning ayanchli taqdiri haqida material e'lon qilingan edi.

Ming afsuski, uzoq vaqt davom etgan xastalikdan so‘ng Alimardon Tursunov 2019 yil 28 dekabr kuni bu dunyoni tark etdi.

A.Tursunovning yaqinlari tomonidan mehnatda mayib bo‘lgani munosabati bilan to‘lanadigan to‘lovlarni va tibbiy muolajalar uchun sarflangan moddiy zararni undirish talabi bilan kiritilgan da'vo ariza fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirishdan rad etilgan. Sud esa o‘z qarorini A.Tursunov korxonada norasmiy ravishda mehnat faoliyat olib borgani bilan asoslagan.

A.Tursunovning onasi tomonidan kiritilgan shikoyat arizasiga asosan mazkur masala Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda. Samarqand viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi esa sudda A.Tursunovning huquq-manfaatlarini himoya qilmoqda.

Kun.uz’da mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, marhumning qaramog‘ida u baxsiz hodisaga uchragunga qadar bir nafar voyaga yetmagan farzandi, turmush o‘rtog‘i va onasi bo‘lgan.  

Mehnat huquqlari to‘la ta'minlanmagani va oddiygina mehnatni muhofaza qilish qoidalari bilan tanishtirilmagani oqibatida yuz bergan fojia sabab yosh umri xazon bo‘lgan Alimardonning taqdiri mamlakatdagi shu kabi ishchilarning huquqlari qay darajada himoyasiz qolayotgani haqida mulohaza qilishga undaydi.

Bugungi kunda respublikadagi turli sohalarda, ayniqsa xususiy sektordagi sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat shartnomasi tuzmasdan, og‘zaki kelishuv bilan mehnat qilayotganlarning son-sanog‘i bo‘lmasa kerak. Bu esa ish beruvchilarning ishchilar ustidan mutlaq hukmronlik qilishiga, ularning huquqlarini poymol etishiga zamin yaratib bermoqda.

Xo‘sh, mehnat shartnomasi tuzilmagani ishchi barcha huquqlardan mosuvo ekanligini anglatadimi?..

Yo‘q, aslida bunday bo‘lmasligi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 82-moddasida ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganidan qat'i nazar, ish boshlangan kundan e'tiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi, deb belgilab qo‘yilgan.