AQSh prezidenti Donald Tramp maxsus konferensiya orqali Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar yuzasidan millatga murojaat qildi.

«Men prezident ekanman, Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘la olmaydi.

Aftidan, Eron chekinishga qaror qildi, bu esa butun dunyo uchun yaxshi», deya so‘zini boshladi Tramp.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, ogohlantirish tizimi faoliyati evaziga qurbonlar berilmagan. Eronliklarning raketa hujumi oqibatida biror amerikalik ham, iroqlik ham halok bo‘lmagan, shuningdek, Iroqdagi bazadagi obektlar jiddiy shikastlanmagan.

Tramp yana bir marta o‘z buyrug‘i bilan o‘ldirilgan general Sulaymoniyni Eronning Yaqin Sharqdagi tashqi va harbiy siyosati ideologi - «dunyoning birinchi raqamli terrorchisi» deb atadi va AQSh Tehronga bosim o‘tkazishda davom etishini bildirdi.

Tramp yana nimalar dedi?

  • AQSh «Eron agressiyasiga javob variantlarini ko‘rib chiqishda davom etadi»
  • AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llaydi. Biroq gap aynan qanday sanksiyalar haqida borayotganiga aniqlik kiritilmadi.
  • «Eron o‘zining yadroviy ambitsiyalaridan voz kechishi va terrorizmni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerak»
  • Rossiya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya ham AQSh ortidan Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishi hamda yangisini tuzish harakatini boshlashi kerak.
  • «Bugun NATOdan Yaqin Sharq jarayoniga chuqurroq yondashuvni ta'minlashini so‘rayman»
  • «AQSh qurolli kuchlari qudrati har qachongidan ham kuchli. Bizning raketalar - kattaroq, aniqroq va tezkorroq. Biz yuqoritovushli raketalar yaratdik. Lekin biz ularni qo‘llashni istamaymiz».

U Eron rahbariyati va eronliklarga yuzlandi.

«Eron xalqi va rahbariyatiga murojaat qilmoqdaman. Biz sizlar munosib bo‘lgan buyuk kelajakka ega bo‘lishingizni: mamlakatingiz gullab-yashnashi va dunyoning barcha mamlakatlari bilan uyg‘un munosabatlar bo‘lishini istaymiz. Qo‘shma Shtatlar tinchlikka intiluvchi barcha bilan tinchlik o‘rnatishga tayyor», dedi Tramp.

Tinchlikparvar Tramp

Kongressdagi respublikachilar prezidentning bayonotini qo‘llab-quvvatlab chiqishdi va Donald Trampni «muvozanatli va tinchlikparvar» siyosatchi deb atashdi.

«Qasos olinishini namoyish etish uchungina qasos olishga hojat yo‘q edi, chunki u yerda biror amerikalik halok bo‘lmagan», dedi En-bi-si telekanaliga bergan intervyusida nufuzli senator, respublikachi Lindsi Grem.