Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Davlat o‘q-gilzotekasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlar dasturi;

Davlat o‘k-gilzotekasini moddiy-texnik ta'minlash chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligining zarur jihozlar bilan ta'minlash bo‘yicha buyurtmanomasi olingan kundan e'tiboran olti oy muddatda Davlat o‘q-gilzotekasini moddiy-texnik ta'minlash dasturida nazarda tutilgan moddiy-texnika vositalari yetkazib berilishini ta'minlaydi.

Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur xonalar ajratadi, ularni rekonstruksiya qilish, jihozlash va boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.

Qarorning fuqaroviy va xizmat o‘qotar qurolini nazorat tartibida otish qismi 2020 yil 1 iyundan kuchga kiradi.

Davlat o‘q-gilzotekasnnn yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Davlat o‘q-gilzotekasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi Davlat o‘q-gilzotekasini yuritishni amalga oshiradi.

Quyidagilar Davlat o‘q-gilzotekasini yuritishning maqsadi hisoblanadi:

o‘g‘irlangan soyli stvolli o‘qotar qurolni qidirish;

bir necha jinoyatlarni sodir etishda bitta yoki shu nusxadagi soyli stvolli o‘qotar qurol ishlatilganligi holatlarini aniqlash;

jinoyatni sodir etishda fuqaroviy va xizmat, aniqlangan, olingan yoki ixtiyoriy topshirilgan soyli stvolli o‘qotar quroldan foydalanilganligi holatini aniqlash.

Nizom qoidalari jangovar o‘qotar qurollarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

Davlat o‘q-gilzotekasi ma'lumotlar bazasi kalibri 11,56 mm.dan ortiq bo‘lmagan soyli stvolli o‘qotar qurolning izlari bo‘lgan o‘q, gilza va patronlardan shakllantiriladi.