Jangarilar bayonotida generalning o‘limi ularning ishiga yordam berish uchun «ilohiy aralashuv akti» deb baholangan. Shu bilan birgalikda, bayonotda Sulaymoniyga qarshi amaliyot o‘tkazgan Qo‘shma Shtatlar harbiylari eslanmagan.
AQSh prezidenti Donald Trampning general Sulaymoniyni o‘ldirish bo‘yicha buyrug‘i qator voqealarni keltirib chiqardi.
Birinchi navbatda, amerikaliklar droni zarbasi IShIDga qarshi hali to‘liq tugallanmagan urush rivojiga ta'sir ko‘rsatdi.
Eronlik qo‘mondonning o‘limidan keyin Iroqda IShIDga qarshi faoliyat olib borgan AQSh boshchiligidagi koalitsiya faol harakatlarini to‘xtatdi. Amerikaliklar va ularning ittifoqchilari endilikda ularning birinchi galdagi vazifasi mudofaalanish bo‘lishini bildirdi.
Harbiy nuqtayi nazardan ularda boshqa tanlov ham qolmagandi.
Eron va uning ta'sirida bo‘lgan harbiy otryadlar Bag‘dod aeroportida halok bo‘lganlar uchun qasos olishga qasam ichishdi. 3 yanvar kuni Bag‘dod aeroporti hududida Sulaymoniy va uning hamrohlari bo‘lgan avtomobillarga amerikalik harbiylar droni tomonidan raketa zarbalari berilgandi.
Natijada amerikalik harbiylar va Yaqin Sharqda ular bilan hamkorlik qiluvchi boshqa G‘arb davlatlari vakillari olov qarshisida qolishdi.
Bu esa IShID uchun ayni muddao: endi jangarilar tezda o‘nglanishi va yana kuch to‘play boshlashi uchun sharoit yuzaga kelmoqda.
Iroq parlamenti amerikalik harbiylarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror chiqarishi ham ekstremistlar foydasiga bo‘ladi.

Suratda Arbildagi harbiy lager.
IShID o‘tgan yillar davomida ko‘p marta mag‘lubiyatlarga uchrashiga qaramay yashab qolgandi.
Iroq va Suriya hududini IShIDdan xalos etish uchun 2016-2017 yillarda keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tkazish talab etilgandi.
Jangarilarning ko‘p qismi o‘ldirildi va asirga olindi. Ammo tashkilot tag-tubi bilan yo‘qotilmadi. Tashkilot g‘oyalari ta'siridagi kichik guruhlar hamon Suriya va Iroq hududlarida saqlanib qolgan: jangarilar yo‘llarda pistirmalar qo‘yishadi, odamlarni tunashadi va o‘ldirishadi.




















