Bugun, 13 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yangi chaqiriqdagi ilk sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokidagi sessiya davomida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha axborot berildi. Shuningdek, kengashning reglamenti va nizomi tasdiqlandi, doimiy faoliyat yurituvchi yettita komissiyasi raislari saylandi. Bundan tashqari, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatga olindi.
Sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahar hokimi lavozimiga 48-Tinchlik saylov okrugidan saylangan deputat Jahongir Abidovich Ortiqxo‘jayevning nomzodini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnomani o‘qib eshittirdi.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahar hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror bir ovozdan ma'qullandi.

Reglamentga muvofiq, sessiyada «Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi a'zoligiga nomzodni tavsiya etish to‘g‘risida»gi masala ham ko‘rib chiqildi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan taklif etilgan nomzodlar tasdiqlandi.
Abdulla Aripovning qayd etishicha, 2019 yilda poytaxtda mahalliy budjet tushumi 6,7 trln. so‘mga oshgan.

Ma'lumot uchun, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunining 2-moddasiga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
















