Ikki yarim yillik hamkorlikdan so‘ng «Barselona» Ernesto Valverdeni iste'foga chiqardi va uning o‘rniga o‘tgan mavsumda «Betis»ni boshqargan Kike Setenni tayinladi. Quyida ushbu voqeaga atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.

Iste'foga zarurat bormidi?

«Barselona»da inqiroz bormi o‘zi? Jamoa Valverde boshchiligidagi har ikkala mavsumda ham ta'qibchisidan ikki raqamli sonli ustunlik bilan chempionlikka erishdi. Iste'fo kuni bilan qaraganda ham, «Barselona» turnir jadvalida peshqadamlik qilib turibdi. Ammo boshqa tarafdan qaraganda, Valverde to‘plagan ochkolar «Barselona» uchun katta natija emas – oxirgi ikki mavsumdagi 93 va 87 ochko jamoa rejimi uchun oddiy hol. Gvardiola kelganidan buyog‘iga, ya'ni so‘nggi o‘n yilda «Barselona» atigi bir marta 90dan kam ochko to‘plagan, xolos. O‘shanda kataloniyaliklar chempionlikni «Atletiko»ga berib qo‘yishgan edi.

Aytmoqchimanki, «Barselona»ning so‘nggi ikki yildagi chempionligi yana bir omilga – «Real»ning kichik inqiroziga ham bog‘liq. Madridliklar shu ikki yilda o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi, chempionlik poygasidan juda erta chiqdi va hatto 2-o‘rinni ololmadi ham. So‘nggi yillarda ispan futboli kuchayib, o‘rtamiyona jamoalar ham grandlarga qarshilik ko‘rsata boshlagani haqidagi gaplar cho‘pchak, buni Angliyada «Liverpul» isbotlamoqda. Ya'ni, agar top-klublar o‘z muammolarini hal qilgan holda, barqaror va rostdanam kuchli o‘yin ko‘rsata boshlasa, dunyodagi eng raqobatbardosh ligalar ham tiz cho‘kadi –Valverde «Barselona»ni shunday mashinaga aylantira olmadi. Go‘yoki, «Barselona» uzoq davom etadigan turnirda tarkibdagi yulduzlarning mahorati va ma'lum darajadan tushmasligi yordamida g‘alaba qozonadigan, lekin eng muhim va kerakli paytda kurasha olmaydigan «PSJ»ni eslatib yubora boshladi.

«Roma» va «Liverpul»dan alamli mag‘lubiyatlar, Ispaniya Kubogidagi «Valensiya» va mana nihoyat, Superkubokda «Atletiko» ham g‘alabani ilib ketdi. Bu yo‘sinda, navbatdagi top uchrashuvda ham «Barselona» yo‘qolib qolishi va Chempionlar Ligasidan chiqib ketishi hech gap emas. Shuning uchun ham bu chempionliklarning qadri oz edi va Valverdeni «Kamp Nou»da olib qolish uchun asos bo‘lolmadi. 

Kike Seten kim?

Kike Seten 1958 yilda tug‘ilgan. 1977 yilda Ispaniya futbolida yarimhimoyachi sifatida debyut qilgan Kike o‘z faoliyatini asosan «Rasing» jamoasida o‘tkazgan. Orada biroz tanaffus bilan u santanderliklar safida 400ga yaqin uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, Madridning «Atletiko»si safida ham 73 o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol urgan. O‘sha vaqtlarda Ispaniya terma jamoasiga ham jalb qilingan.