«Chinor» YPX maskanida qalbaki dollar aniqlandi
Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli “Chinor” muntazam yo‘l patrul xizmati maskanida yo‘l patrul xodimi inspektorlari tekshirish uchun “Neksiya” rusumidagi avtomobilni to‘xtatishgan.
Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi bilan birgalikda avtomobil yukxonasini ko‘zdan kechirgan YPX inspektori, safdor Yahyo Toshev u yerdagi boshqa transport vositasiga tegishli bo‘lgan davlat raqam belgisini ko‘rib qolgan. Haydovchi bu davlat raqam belgisi korxonasiga qarashli yuk avtomobiliga tegishli ekanligini aytadi.
Shundan so‘ng xodimlar avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashadi va ularning hujjatlarini tekshirishadi. Yo‘lovchilardan biri tekshiruv davomida o‘zini g‘alati tuta boshlaydi. Xodimlardan ko‘zini yashirishga harakat qiladi. Bu holat sinchkov xodimlar e'tiboridan chetda qolmaydi. Guvohlar ishtirokida ushbu yo‘lovchi to‘liq tekshirilganida esa bezovtalik sababi oydinlashadi.
Ma'lum bo‘lishicha ushbu yo‘lovchi o‘zi bilan 1200 AQSh dollarini olib ketayotgan ekan. Dollarlar xodimlarda shubha uyg‘otadi va ular tezkor xizmat vakillarini chaqirishadi. Tekshiruv vaqtida bu dollarlar qalbaki ekanligi aniqlanadi.
Avtomobil, yo‘lovchilar va ulardan olingan ashyoviy dalillar bilan birgalikda Ohangaron tuman ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024