Shuhrat Solihovich bilan ­u kishi o‘zlarining 80 yillik yubileylari tashvishi bilan yurgan vaqtda uchrashgandik. Bunaqa paytdagi yugur-yugurlarni o‘zingiz bilasiz. Xullas, yarim soatga, deb kelishilgan suhbat ikki yarim soatdan ham oshib ketgandi o‘shanda...

Aytmoqchi, bir vaqtlar jurnal uchun olingan bu suhbat bosilib chiqqanda, Shuhrat akaning o‘ziga ham ma'qul bo‘lib, «Meni boplab gapirtirgansiz o‘shanda», – deya hazillashib yurardilar. Keyinroq bu mashhur kinorejissyor to‘g‘risida, kamina ssenariy muallifligida – «Darg‘a» degan hujjatli film olindi. Domla Solihovning shu suhbatda aytgan gaplari – ssenariy uchun asos bo‘lgandi.

Teatrdan kino sari «yurish»

- Shuhrat Solihovich, ko‘z tegmasin-u, 80 yoshdayam tetiksiz. Kayfiyatni so‘rasam, “yaxshi” desangiz kerak, undan ko‘ra nimalarni his qilyapsiz, deb so‘ray qolay.

- O‘zim otdayman. Ahvol so‘raganlarga hatto hazillashib, “mixdek” deyish o‘rniga “armaturadek” deb javob beraman. Hazil-hazil bilan-ku, ammo o‘g‘lim, men hamisha juda katta, hatto buyuk maqsadlar bilan yashaganman. Hayotdagi uncha-muncha ikir-chikirlar menga ta'sir qilmaydi. Oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘lmasa, o‘sha maqsad yo‘lida hech narsadan og‘ishmay intilmasa, odamzot to‘kilib, ado bo‘ladi. Hayot - muttasil kurashdan iborat ekan, men mana shu hayot ummonida kichkina baliqcha bo‘lib emas, misli nahangdek suzdim...

- Ammo Siz aytgan nahang ko‘pincha o‘rni kelib qolsa, mayda baliqchalarni yutib yuboradi-ku... Nima, siz ham yutib yuborganmisiz?

- Yo‘q, men ularni yutmaganman. Mening ozig‘im - kitob, bilim bo‘lgan. Ammo obrazli qilib aytganingizga men ham javob qaytaray – nahang bo‘lsam ham yonimda mudom “ilonlarning vishshillashini” his qilib turganman. Bular endi – hasad, ig‘vo quruq tuhmatlar...

Lekin o‘ylab, xulosa qilganim shu bo‘ldiki, inson zoti kechirimli bo‘lishi kerak ekan. Ochig‘i, juda omadli insonman, mashhurlikniyam, shon-shuhratniyam, rahbarlik lavozimlariniyam ko‘rdim. Bir paytlar “O‘zbekfilm” direktori edim. O‘shanda kimnidir bilib-bilmay xafa qilgan, o‘nta ssenariyni o‘tkazib, bittasini o‘tkazmagan bo‘lishim mumkin. Ammo o‘zimcha vijdonim toza. Demoqchimanki, odam eng avvalo o‘zining oldida obro‘si to‘kilmasligi kerak. Aks holda rasvo bo‘ladi.

Mag‘lubiyatlar – avvalo saboq, ammo odam muvaffaqiyatga ham chidamli bo‘lishi kerak. Bu gaplarni siz keksa odamning hayot falsafasi, deb qabul qilsangiz ham mayli. Mana, hozir ham talabalarga 3 soat ma'ruza o‘qish uchun 4-5 kun tayyorlanaman.