Ushbu maqolada sizga O‘zbekiston ta'limining kelajagi, 2030 yilgacha oliy ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, bitiruvchilarning kompaniyalarda ishlashga qanchalik tayyorligi haqida, shuningdek oliy ta'lim sohasidagi yetakchi tadbirkorlar va mutaxassislarning tashabbuskor guruhi nima uchun Toshkentda xususiy universitet – TEAM University'ni ochishga qaror qilgani haqidagi bir qator intervyular taqdim etiladi.

Mazkur material akademik doiralar mutaxassislari va biznes-hamjamiyat vakillarining bir qator fikrlarini, shuningdek, TEAM University loyihasining bir qismi bo‘lgan shaxslarning fikrlarini o‘z ichiga oladi. Intervyular qisqa formatda taqdim etilgan, uning to‘liq versiyasi TEAM University loyihasining quyidagi ijtimoiy sahifalarida nashr etiladi:

Alan Frans – TEAM University Vasiylik kengashi raisi, oliy ta'lim sohasida mutaxassis, yaqin vaqtlarga qadar Westminster International University in Tashkent universitetining birinchi prorektori lavozimida ishlagan.

– So‘nggi 25 yil davomida O‘zbekistondagi oliy ta'lim tizimi markazlashgan boshqaruvdan markazlashmagan boshqaruvga o‘tish va globallashish sharoitida moslashish va rivojlanish zaruratiga duch keldi. Bunda asosiy to‘siq bo‘lgan omil tizimning mas'ul vazirliklar tomonidan nazorat qilinadigan yuqori darajada markazlashtirilganligi edi. Bu diversifikatsiyalangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni, o‘qitishning yangi usullarining paydo bo‘lishini va ta'lim sohasiga zamonaviy texnologiyalarning kirib kelishini cheklab qo‘ygandi. Vestminster, Inha kabi xalqaro universitetlarning paydo bo‘lishi, qanday qilib oliy ta'limda yangi jarayonlarning rivojlanishi butun mamlakatimiz taraqqiyotiga foyda keltirishi mumkinligini ko‘rish imkonini berdi. Qabul qilingan konsepsiyada asosiy e'tibor tanqidiy fikrlash, mustaqil ta'lim berish, virtual tizimlardan foydalanish va shu kabilar bo‘yicha ta'lim berish dasturini joriy etishga qaratilgan. Mening fikrimcha, bugungi kunda vazirlik va ta'limga jalb etilgan boshqa idoralar oldida turgan asosiy muammo bu o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etishning haqiqiy sur'atlarini hujjatlarda bayon etilgani bilan muvofiqlashtirish zaruratidir. Nafaqat davlat oliy ta'lim muassasalari, balki yangi ish boshlagan universitetlar ham katta darajadagi mustaqillik nuqtai nazaridan sifatli o‘zgarishlarni amalga oshirishlari kerak. Universitetlar rahbariyatlarining dunyoqarashini liberallashtirish, kelgusida amalga oshirishni ko‘zlab o‘zlarining o‘quv dasturlari va kurslarini, ya'ni biz butun dunyoda ko‘rib turgan trendni ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, vazirlik tomonidan olib boriladigan markazlashtirilgan boshqaruvni qisqartirish yaxshiroq va sifatliroq ta'lim olishni ta'minlashga imkon beradi, chunki mustaqillik va o‘z kelajagiga ta'sir qilish imkoniyati o‘z-o‘zidan javobgarlik hissini keltirib chiqaradi.