Tadbirkor bo‘lish uchun o‘qish shartmi? Agar o‘qish kerak bo‘lsa qayerda biznes ta’limi olish mumkin? Toshkentdagi TEAM ilk tadbirkorlik universiteti asoschilaridan biri bo‘lgan Hikmat Abdurahmonov Kun.uz bilan suhbatda bu OTMdagi ta’lim tizimi, tadbirkorlik universitetining davlat iqtisodiyotidagi ahamiyati haqida gapirib berdi. 

Haqiqiy tadbirkorlar tajribasi

O‘zim ko‘p yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanganim uchun O‘zbekistonda bu yo‘nalishda ta’lim sohasida chuqur inqiroz borday ko‘rinardi. Ammo yurtimizga bu yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlaydigan ta’lim muassasasi kerak edi. Davlat rahbari oliy ta’limdagi muammoni tan olib, xususiy sektorni shunga jalb qilish kerakligini ta’kidladi. Sheriklarim bilan Skolkovo biznes universiteti, ya’ni biznes maktabida o‘qish dasturida edik. Bu signalni eshitgach, 2018 yil boshida uning ustida izlanishni boshladik. Bizda odatda jiddiy biznes g‘oya paydo bo‘lganida unga ishchi guruh shakllantiramiz. Ushbu loyiha uchun biz ma’lumot to‘plashni boshladik. Bunda bizga avvalgidan ko‘proq bilim va tajriba kerakligini yaxshi bilardik.

Foto: TeAM universiteti

Ta’lim sohasiga kirishni boshladik, jahon tajribasini o‘rgandik. Mamlakatimizda xususiy oliy ta’lim bo‘lmagani uchun, mahalliy yechim qidirishda ko‘p mazmun ko‘rmadik. Shu bilan birga, mahalliy muammolarni ham o‘rganish muhim edi: xususan ta’lim metodlarining eskirgani, o‘qituvchilarning ma’ruzalar bilan cheklanishi, akademik avtonomlik yetishmasligi, OTMda korporativ boshqaruv yo‘qligi, fanlarning o‘zlashtirish imkoniyatidan ko‘pligi, nazariya va amaliyotning birga olib borilmasligi kabi muammolar mavjudligini bildik. Universitetlarimizning xalqaro darajadagi nufuzi pastligi, ingliz tilida o‘qitish kamligi uchun jahon arenasida bizning ta’lim raqobatlasha olmasligiga sabab bo‘layotgani ham ko‘z yumib bo‘lmaydigan holat edi. Bu muammolarga duch kelar ekanmiz, yelkamizga katta mas’uliyatni olayotganimizni bilardik.

Hammasi oson bo‘lmadi – poydevor, xalqaro tajriba va ota-onalar fikri

Albatta, har bir ishning boshlanishida muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Ilk muammo bizda bu borada xususiy ta’lim bo‘lmagani uchun unga aniq kirish mexanizmlari va reglamentining yo‘qligi bilan ko‘zga tashlandi. 2018 yildan 2020 yilga qadar respublika darajasidagi vakillar, rahbarlar – maslahat olmagan odamimiz qolmadi. O‘nlab uchrashuvlar o‘tkazildi.