2019 yil dekabr oyida Kun.uz'da «Past Darg‘omda korxona elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan: MIBga hokimlik vakillari to‘sqinlik qilishdi» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Bugun, 22 yanvar kuni MIB Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zokirov «Matbuot uyi»da o‘tkazilgan brifing chog‘ida ana shu voqea yuzasidan yakuniy ma'lumot berdi.

Alisher Zokirov

Unga ko‘ra, xizmat tekshiruvi natijasida o‘sha kuni dalolatnoma rasmiylashtirgan MIB xodimlari harakatida qonunbuzilish alomatlari topilmagan.

Qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan Past Darg‘om tuman Obodonlashtirish davlat korxonasiga tegishli beton tayyorlash korxonasi tomonidan davlatga 65 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Dastlab, obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i B.Jo‘rayevga yetkazilgan zarar qoplanmasa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ma'lum qilingan. 65 million so‘mlik zarar qoplab berilgach, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan.

Shuningdek, MIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan hokimlik xodimi A.Mardiyev va beton tayyorlash korxonasi xodimi R.Annabozorovlarga nisbatan Past darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Sud qarori bilan MIBga qarshilik ko‘rsatib, elektrdan noqonuniy foydalanishga sharoit yaratgan xodimlarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Asror Mardiyev (chapda) va Ramshid Annabozorov (o‘ngda)

Eslatib o‘tamiz, Juma shahridagi «Qatorterak» mahallasi yaqinida 2 gektardan ortiq tutzor avgust oyida kesilib, Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli beton tayyorlash korxonasiga berilgan.