Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda tarqalayotgan koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgani, jumladan, Jizzax shahrida 20 nafardan ortiq odam bu kasallikka chalinib bo‘lgani, ayrimlar hatto vafot etgani to‘g‘risidagi xabar tarqalmoqda.

Telegram messenjeri orqali tarqatilayotgan xabar matni quyida juz'iy tahrirlashlar bilan keltiriladi.

«Hammaga salom. Jizzaxda Xitoyda chiqqan yangi koronavirusdan o‘lgan odamlar bor. Oblastnoy bolnitsada 20tadan ortiq odam shu simptomlarda yotibdi. Ehtiyot bo‘linglar. Sir tutishyapti hozir. «Ko‘k bozor»ni ham bejizga yopmagan.

Bolalaringizga maska tutishni aytinglar, qo‘llarini sovunlab yuvib yursin. Maktabda qo‘lini og‘ziga, burniga, ko‘ziga tekkizmasin. Ko‘chadan hech narsa sotib olib yemasin. O‘g‘il bolalar qo‘lini qo‘liga berib salomlashmasin.

Simptomlari: nafas olish qiyinlashishi, yo‘tal, baland temperatura.

Obl.bolnitsada ishlaydigan odamdan olingan informatsiya.

Bizda, Jizzaxda xabaringlar bo‘lsa xitoyliklar ko‘p, «promzona»da ishlashadi», – deyiladi xabar matnida.

Birinchi qarashdayoq na muallifi bo‘lgan, na so‘zlari mantiqiy bog‘langan bu xabar biror rasmiy manbaga asoslanmagani ko‘rinib turadi. Eng muhimi, bu kabi kasallik aniqlangan taqdirda ham bemorlar matnda keltirilganidek «Obl.bolnitsa»ga emas, Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqalayotgan xabar yuzasidan rasmiy bayonot ham berdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida koronavirus infeksiyasi tarqalganligi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialida bemor mazkur kasallikdan vafot etganligi hamda bir guruh bemorlarning ushbu virus alomatlari bilan davolanayotganligi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz ekanini ma'lum qiladi.

Xitoydagi vaziyatni inobatga olgan holda joriy yil yanvar oyidan boshlab, respublika chegara bojxonalaridan o‘tgan fuqarolar sanitariya nazorat punktlari orqali tibbiy nazorat kuchaytirilgan holda o‘tkazilmoqda. Viloyat davolash profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlarning koronavirus, gripp va o‘tkir respirator kasalliklar bo‘yicha hushyorligi oshirilgan. Gripp va o‘tkir respirator virusli kasalliklarga chalingan bemorlarning Xitoy hududida bo‘lganligi to‘g‘risida surishtiruvlar amalga oshirilib, ularda kasalliklar aniqlanganda tezkor ravishda yotqizish uchun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus o‘rinlar tashkil etilgan. Ayni paytda ushbu kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan.