Shu kunlarda Xitoyda tarqalayotgan virus shifokorlarga avvaldan ma'lum bo‘lgan.
U koronaviruslar oilasiga mansub bo‘lib, bunday viruslar avval ham bir necha marta xavfli kasalliklarni keltirib chiqargan - masalan, 2003 yildagi o‘tkir respirator sindromi (Sars), 2012 yildagi Yaqin Sharq respirator sindromi (Mers). Birinchi virus uni yuqtirib olganlarning 9 foizini hayotdan olib ketgan, ikkinchi epidemiya vaqtida bemorlarning 35 foizi vafot etgan.
Quyida bunday viruslar nega kutilmaganda tarqalishi va ular nega bu qadar xavfliligi haqida so‘z yuritiladi.
Xavfli koronaviruslar qayerdan paydo bo‘ladi?
Sars, Mers va 2019-nCoV koronaviruslari tarqalishi avj olishida virus tashuvchilar odamlar emas, jonivorlar bo‘ladi. Hayvonlar inson uchun xavfli bo‘lgan juda ko‘p viruslarni tashuvchi hisoblanadi, lekin xayriyatki hayvondan insonga virus yuqishi kamdan-kam hollarda kuzatiladi.
«Turlar farqi degan to‘siq mavjud va shu tufayli virus yuqmaydi. Ammo kimningdir immuniteti juda kuchsizlik qilganida yoki virus hayvondan odamga o‘tishiga sharoit bo‘lgan boshqa omillar mavjud bo‘lganida kamdan-kam kuzatiladigan infeksiya holati yuz berishi mumkin», - deydi Varvik universitetidan bo‘lgan Endryu Iston.
Odatda xavf virusning noodatiy mutatsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.
«Qoidaga ko‘ra, o‘zi uchun yangi, g‘ayrioddiy muhitda yashab ketishi uchun muayyan darajada o‘zgarishi kerak bo‘ladi», - deydi olim.
Koronavirus odamga yuqqan kamdan-kam hollarda vaziyat keskinlashishi mumkin.
Qayd etish kerakki, barcha koronaviruslar ham juda xavfli emas: inson ahyon-ahyonda uning agressiv ko‘rinishlariga duch keladi. Ammo bir turdan boshqasiga o‘tgan virus katta xavf tug‘dirishi mumkin.
«Turlararo» koronaviruslar inson uchun nega bunchalik xavfli?
«Qachonki virus bir turdan boshqasiga o‘tganida voqealar rivoji qanday kechishini bilib bo‘lmaydi. Virus begona muhitda joylashib olsa, yanada kuchayishi mumkin», - deydi Endryu Iston.
Gap shundaki, virus bexosdan hayvondan insonga o‘tganida, insonning immun tizimi bu virusga qarshi kurashishga tayyor bo‘lmaydi, chunki avval bu virusga to‘qnashmagan bo‘ladi. Bunday virus qarshisida inson ojiz qoladi.
















